“Do‘stlik festivali” barchani birlashtirdi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan oliy ta’lim muassasalari vakillarini birlashtirgan “Do‘stlik festivali” tantanali ravishda boshlandi.
Tadbir doirasida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, tajriba almashish hamda yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Unda Toshkent shahri hamda mamlakatimiz viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari boshchiligidagi delegatsiyalar Nukus temir yo‘l vokzalida tantanali ravishda kutib olindi.
Tadbir davomida mehmonlar uchun Orolbo‘yi gastronomik madaniyatini aks ettiruvchi noyob taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ayniqsa, Orol baliqlaridan tayyorlangan 99 turdagi milliy va zamonaviy taomlar namoyishi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlar ko‘rgazmadan o‘rin olgan taomlar bilan yaqindan tanishib, ularning o‘ziga xos ta’mini ham baholadilar.
Festivalning rasmiy ochilish marosimida filial direktorining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari X.Abdijaliyev, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I.To‘xtasinov hamda boshqa nufuzli mehmonlar so‘z olib, mazkur tadbirning yoshlar o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi ahamiyatiga to‘xtalishdi va ishtirokchilarini ushbu tadbirning boshlanishi bilan samimiy qutladi.
Tadbirning badiiy qismi ham ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Konsert dasturi davomida milliy va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar yangrab, iste’dodli san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Turli hududlardan tashrif buyurgan mehmonlar va yoshlarning samimiy muloqotlari esa festivalning bosh g‘oyasi — do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat tamoyillarining amaliy ifodasiga aylandi.
“Do‘stlik festivali”ning ilk kuni yuqori saviyada tashkil etilib, uning keyingi tadbirlari ham mazmunli va taassurotlarga boy o‘tishiga mustahkam zamin yaratdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.