Dolzarb mavzudagi ilmiy tadqiqot
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim jarayonining sifati va samarasini yangi bosqichga ko‘tarish borasida izchil islohotlar olib borilmoqda.
Bu yurtimizda shu yo‘nalishni rivojlangan davlatlardagi ta’lim tizimi darajasiga yetkazish maqsadi bilan bog‘liq. Ta’lim tizimi taraqqiy etgan mamlakatlardagi ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish va hamkorlik masalalarini jadallashtirish davr taqozosidir.
Ta’lim jarayonida o‘quvchilarni asosan imtihonga tayyorlashga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq emasligini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda. Aslida ilm-fan, ta’lim, ishlab chiqarish va integratsiyaning uyg‘unligida hikmat ko‘p. Nazariy ma’lumot va amaliy mashg‘ulotning uyg‘un tarzda olib borilishi muhim ahamiyatga ega. Bu esa dual ta’lim tizimining mohiyatini aks ettiradi.
Bu ta’lim turining ahamiyati shundaki, unda nazariy qism ta’lim muassasasida, amaliy qism esa korxonada o‘tkaziladi. Bu Germaniya professional ta’lim tizimida keng qo‘llaniladi. Ta’lim muassasasi bitiruvchilarining ish jarayoniga, kasbiy faoliyatga tayyor holda borishida bu muhim rol o‘ynaydi. Ayni paytda mutaxassislarning tajribasi, ko‘nikmasi va malakasini oshirishga katta hissa qo‘shadi. Bu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqot va monografiyalar ayni kunlarda zarur.
Kuni kecha muvaffaqiyatli himoya etilgan Ro‘zimurat Choriyevning "Kasb ta’limi mutaxassislarini Dual tizimi asosida kasbiy faoliyatga tayyorlash metodikasini takomillashtirish" mavzusi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi (DSc) xuddi shu bo‘shliqni to‘ldirishga xizmat qilishi bilan e’tiborga molik. Dissertatsiya o‘zining dolzarbligi, yangiligi, faktik ma’lumotlarga boyligi hamda ilmiy jihatdan teranligi bilan xarakterlanadi.
Dissertatsiya ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi «Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash borasida Vazirlar Mahkamasi qaroriga ijobiy va ijodiy javob ham bo‘lgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti