"Dolzarb bir oylik"
Mamlakatimizda davlatimiz rahbarining mahallalarda tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan tegishli farmoyishiga binoan joylarda “dolzarb bir oylik” safarbarligi e’lon qilingan.
Safarbarlik doirasida respublikamizdagi vazirlik va idoralar rahbarlari yurtimiz bo‘ylab mahallalarda amalga oshiriladigan iqtisodiy-ijtimoiy tadbirlarga mas’ul qilib biriktirildi.

Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Musamuhamedov Xorazm viloyatining Yangibozor tumanidagi Guliston, Katli, Oltinko‘l va Qadriyat mahallalarida bo‘lib, tuman va mahallalar mas’ullari hamda mahalliy aholi bilan uchrashdi.
Bojxona mutasaddisi joylarda infratuzilmani yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tahliliy o‘rgandi.

Shuningdek, tik quduq kovlash va betonlash ishlarini tezlashtirish, aholi tomorqasidagi issiqxonalardan unumli foydalanish, elektr uzatish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, hududdagi iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini ko‘zdan kechirdi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish, shu bilan bir qatorda sifatli tarzda amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.

–Maqsadimiz davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlarini namunali tashkil qilishdan iborat, – deydi N.Musamuhamedov. – Bahor kelishi bilan men o‘rgangan mahallalarda ham aholi tomorqa yerlarini ekinga tayyorlash, sug‘orish tizimlari – ariq va zovurlarni mavsumga shay holatga keltirish, quduqlar qazish ishlari boshlab yuborilgan.
Uchrashuvlar davomida Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hududlarda ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish yuzasidan ham zarur ko‘rsatmalar berildi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri