"Dolzarb 60 kun": "Favvoralar shousi" bolalarga quvonch ulashdi
Poytaxtimizda FVV akademiyasi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda "Dolzarb 60 kun" profilaktik tadbirlari doirasida Yangihayot tumani aholisi ishtirokida "Favvoralar shousi" bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida mahalla aholisi, ota-onalar va bolalar o‘rtasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish, zilzila sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish, aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish tartibi yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, jazirama issiq sharoitida ehtiyot choralarini ko‘rish, taqiqlangan va nazoratsiz suv havzalarida cho‘milmaslik hamda suvda xavfsizlik qoidalariga amal qilish yuzasidan keng qamrovli profilaktik targ‘ibot ishlari olib borildi.

Mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga amaliy tavsiyalar berilib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi. Tadbir davomida xavfsizlik qoidalariga rioya etishning inson hayoti va salomatligini asrashdagi muhim ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Bolalarning quvonchga to‘la chehralari, ota-onalar va mahalla aholisining samimiy minnatdorligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar xalqimizning kayfiyatini ko‘tarish bilan bir qatorda ularning xavfsizlik madaniyatini oshirishga xizmat qilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
G.Boboyeva, O‘zA