“Doctors community cup – Tashkent-2019”: O‘zbekiston, Qozog‘iston hamda Tojikiston yarim finalda
Poytaxtimizdagi “Bunyodkor” akademiyasi maydonida futbol bo‘yicha “Doctors community cup – Tashkent-2019” xalqaro turniri o‘tkazilayotganidan xabaringiz bor.
Poytaxtimizdagi “Bunyodkor” akademiyasi maydonida futbol bo‘yicha “Doctors community cup – Tashkent-2019” xalqaro turniri o‘tkazilayotganidan xabaringiz bor.
Nufuzli musobaqada Ukraina, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda mamlakatimiz shifokorlari g‘oliblik uchun bahs olib borishmoqda.
Kecha V guruhida yon qo‘shnimiz Qozog‘iston terma jamoasi ukrainalik hamkasblarini ayab o‘tirmadi va yirik 7:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu natija qozog‘istonlik shifokorlarni muddatidan avval yarim finalga olib chiqdi. Faqat, ular guruh g‘olibi bo‘ladimi yoki 2-o‘rin bilan cheklanadi, buni ayni daqiqalarda davom etayotgan Belarus va Ukraina terma jamoalari uchrashuvidan keyin bilib olamiz.
Biroz avval A guruhidagi so‘nggi uchrashuv ham o‘z poyoniga yetdi. Unda O‘zbekiston va Tojikiston terma jamoalari to‘qnash keldi. Kechagi g‘alabadan keyin vakillarimizni hatto durang ham guruh g‘olibiga aylantirardi. Ammo tojiklar yarim finalga chiqishi uchun imkon qadar kichikroq hisobda yutqazishi talab qilinardi. Buni to‘g‘ri anglagan qo‘shnilarimiz butun jamoa bo‘lib himoyalanishdi.
Shunga qaramay xalqaro turnirga taniqli mutaxassis, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Ahmadjon Musaev rahbarligida tayyorgarlik ko‘rgan shifokor-futbolchilarimiz raqib darvozasiga yo‘l topishning uddasidan chiqishdi. 70-daqiqada A.Ergashev tomonidan kiritilgan yagona gol O‘zbekiston terma jamoasini guruh g‘olibi sifatida yarim final sari yetakladi. Tojiklar esa atigi bir ochko bilan guruhda 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa ayni vaqtga kelib yarim finalning uch ishtirokchisi aniq bo‘lib ulgurdi. Bular – A guruhidan O‘zbekiston va Tojikiston, V guruhidan esa Qozog‘iston. Yarim finalning so‘nggi ishtirokchisini birozdan keyin bilib olamiz.


