Diplomatik vakolatxonalar mini-futbolda bellashdi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar jamoalari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha XX xalqaro yubiley turniri o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi «Diplomatik servis xizmati» DM tomonidan tashkil etilgan musobaqada AQSH, BAA, Buyuk Britaniya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Quvayt, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston va Fransiya diplomatik vakolatxonalari, shuningdek, BMT, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, «LUKOIL» kompaniyasi, VFS Global Services jamoalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va «Diplomatik servis xizmati» DM jamoalari ishtirok etdi.
Diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rtasida do‘stona munosabatlar, o‘zaro muloqot va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan an’anaviy sport tadbiri yakuniga ko‘ra, «LUKOIL» kompaniyasi jamoasi turnir g‘olibiga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi jamoasi ikkinchi, Osiyo taraqqiyot banki jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, alohida nominatsiyalarda yuqori natija qayd etgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
[gallery-31628]
Javohir Toshxo‘jayev,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA