Dik Advokat Kyurasao terma jamoasining JCH qaydnomasini e’lon qildi: Ko‘chirmachilar jamoasimi yoki «Gollandiya 2.0»?
26 nafar futbolchidan faqatgina bir nafari — «Sheffild Yunayted» vingeri Taxit Chong Kyurasaoning o‘zida tug‘ilgan.
Taniqli mutaxassis Dik Advokat Kyurasao milliy terma jamoasining Jahon chempionatida ishtirok etadigan yakuniy tarkibini ommaga taqdim etdi.
Qaydnomadagi eng hayratlanarli jihat shundaki, 26 nafar futbolchidan faqatgina bir nafari — «Sheffild Yunayted» vingeri Taxit Chong («Feyenoord» va «Manchester Yunayted» akademiyasi tarbiyalanuvchisi) Kyurasaoning o‘zida tug‘ilgan. Qolgan 25 nafar o‘yinchining barchasi Niderlandiyada tavallud topgan va keyinchalik Kyurasao fuqaroligini qabul qilgan (naturalizatsiya qilingan) futbolchilardir.
Ma’lumot uchun: Kyurasao — Karib dengizining janubida, Venesuela qirg‘oqlari yaqinida joylashgan orol-davlat. 2010-yilgacha Niderlandiya Antil orollari tarkibida bo‘lgan, hozirda esa Niderlandiya Qirolligi tarkibidagi keng muxtoriyatga ega bo‘lgan o‘z-o‘zini boshqaruvchi davlat hisoblanadi.