Deputatlarning aholi bilan uchrashuvlari
Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Akshagul Tulegenova Uchquduq tumanida bo‘lib, bir guruh tashabbuskor yoshlar bilan uchrashdi.

Tadbirda deputat yoshlarga qonunlarni qabul qilish jarayonlari, qonunlar ijrosi borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida batafsil tushuntirish berib o‘tdi.
Qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Aqshagul Tulegenova murojaatlar ijrosi yuzasidan o‘rganishlar olib bordi.

“Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Ra’no Tog‘aynazarova bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida xonadon sohibasi bir necha yillardan buyon yotib qolganligi, “Ayollar daftari”ga kiritilib, 20,7 million so‘m mablag‘ ajratilgan holda Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli poliklinikasida oyog‘ida operatsiya amaliyoti olib borilgandan so‘ng yura boshlaganligini aytib o‘tdi. Bu esa yurtimizda inson qadri har narsadan ustun ekanligi, amalga oshirilayotgan islohotlar “inson uchun” tamoyili asosida olib borilayotganligini anglatadi.

Shuningdek, Dilnavoz Yorqulovaga ham “Ayollar daftari” orqali 13,7 million so‘m mablag‘ to‘lab berilib, 1-guruh nogironi bo‘lgan farzandi Mohinur Ibodullayevaning bosh qismida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Ayni paytda Mohinurning salomatligi tiklanib bormoqda.
Deputatlarning aholi vakillari bilan uchrashuvlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri