Deputatlar saylovchilar huzurida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Jahongir Shirinov hamda Nazir Sabirovlar Qorako‘l tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Sayyod”, “Solur” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi hamda maktab jamoasi bilan uchrashdi. Saylovchilarga qonunlarga kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berib o‘tdi.
Uchrashuv davomida aholi vakillari tomonidan toza ichimlik suvi, ichki yo‘llarni ta’mirlash, tomorqa yerlarini sug‘orishda suv muammosi, zaxkashlarni qazish, shuningdek, uy-joy hamda hududdagi Oilaviy poliklinika filialini qayta qurish kabi bir qator masalalarda murojaatlar bo‘ldi.

Deputatlar aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan ushbu muammolar yechimi yuzasidan tegishli mutasaddi rahbarlar bilan bog‘lanib, ayrimlarini joyida hal etdi. Jumladan, Solur va Sayyot qishloqlariga ichimlik suv quvurini tortish hamda ichimlik suvi ta’minotidagi ishlarni ijobiy hal qilib berilishi ma’lum qilindi. Xuddi shunday Sayyot qishlog‘ida “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida ovoz yig‘ish yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan oilaviy poliklinika qurilishi uchun 1 milliard 360 million so‘m mablag‘ ajratilishi hamda 10 kun ichida qurilish ishlarini boshlab yuborilishi yuzasidan tuman moliya bo‘limi va zaxkashlarni qazish bo‘yicha tuman melioratsiya bo‘limi boshliqlariga topshiriq berildi.

Bundan tashqari, tuman yo‘l bo‘limi tomonidan Solur mahalla hududidagi qator ichki yo‘llarni shag‘allashtirish belgilandi. Shuningdek, bemor M.Rni bosh miya kasalligini davolash uchun malakali tibbiy xizmat va dori-darmon bilan ta’minlash masalasi tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachiga yuklatildi. Uning 3 nafar voyaga yetmagan farzandlariga bola puli nafaqasi tayinlanishida tegishli hujjatlarni topshirilishi tushuntirib o‘tildi.

– Saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida ko‘plab muammolarga yechim topdik, – deydi deputat Nazir Sabirov. – Shuningdek, qabul qilinayotgan qonunlar aholining barcha qatlamiga tushuntirib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida deputatlar Solur mahallasi yettiligi bilan uchrashib, mahallada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.