Deputatlar aholiga ko‘makchi bo‘lmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Bafoyev Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida saylovchilar bilan uchrashuvlari doirasida hududdagi bir qator ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish subyektlarini o‘rgandi.
Tuman ixtisoslashtirilgan maktabida ziyo maskani, zamonaviy sinf xonalar, sifatli mebel mahsulotlari bilan jihozlanayotgan shinam yotoqxona va oshxona o‘quvchi-yoshlar ixtiyorida.
Deputat ushbu ta’lim muassasasida bo‘lganida o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Dars mashg‘ulotlarining borishini kuzatdi. O‘quvchi- yoshlar va ularning ustozlari bilan suhbatda bo‘ldi.

Davlat -xususiy sherikchilik asosida tumanda barpo etilayotgan maktabgacha ta’lim tashkiloti deputat Sh.Bafoyevning navbatdagi manzili bo‘ldi. Har tomonlama pishiq-puxta ishlab chiqilgan, zamonaviy andozalar asosida barpo etilayotgan ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti 240 nafar maktabgacha yoshdagi kichkintoyni qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mahalliy Kengash deputati Zamira Safarova sa’y-harakati bilan barpo etilayotgan ushbu obyektning yaqin orada foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Z.Safarova tashabbusi bilan tumandagi “Erkin iqtisodiy zona” hududida barpo etilgan marmar plitalar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyekti faoliyati ham deputat Sh.Bafoyev tomonidan ko‘zdan kechirilganda, bu yerda mahalliy aholi vakillaridan 30 nafari ish bilan ta’minlangan ekan. Korxona sexlarida ishlab chiqarilayotgan marmar panellar endilikda bir qator davlatlarga, shuningdek, Fransiya va Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinmoqda.

Muxtasar aytganda, xitoylik hamkorlar bilan olib borilayotgan faoliyat o‘z samarasini bermoqda.
Deputat Sh.Bafoyev barcha uchrashuvlari davomida amaldagi qonunchilikka keyingi paytda kiritilgan o‘zgartirishlar, fuqarolarning huquq va erkinliklari, mulk daxlsizligini ta’minlashga oid Prezident farmonlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari bo‘yicha batafsil so‘z yuritib, hududlardagi yechimini kutib qolgan mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan aniq tavsiyalar berdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri