Deputatlar aholi muammolarini o‘rgandi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z faoliyati mobaynida saylov okruglarida doimiy ravishda bo‘lib, aholi turmush darajasi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, dolzarb muammolarni o‘rganish va ularga yechim topishga alohida e’tibor qaratadi.
Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Viktor Pak hamda Atxam Nazirqulovning O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bilan hamkorlikda Piskent tumaniga tashkil etilgan amaliy o‘rganishlari ham mana shunday xayrli ishlarning uzviy davomi bo‘ldi. Dastlab “Mitan” MFYda deputatlar tomonidan amalga oshirilgan o‘rganishlar davomida mahalla, hududda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash holati, aholiga xizmat ko‘rsatuvchi ta’lim muassasalari, tadbirkorlik sub’ektlari, xizmat ko‘rsatish sohalari qamrab olindi.



Jarayonda aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Xususan, mahalladagi 120 nafar bolani qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘lgan, ayni damda 140 dan ortiq bolalar ta’lim olayotgan 12-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Shu tufayli bu binoni qayta kapital ta’mirlash zarurligini qayd etildi. Shuningdek, maskanda olib borilayotgan ta’lim-tarbiya ishlari bilan ham tanishildi. Ta’lim maskani rahbariyati va pedagog jamoasi bilan suhbatda bo‘lgan deputat Viktor Pak tashabbusi bilan bog‘cha binosi zamon talablari asosida to‘liq rekonstruksiya qilinadigan bo‘ldi. Kapital ta’mirlash ishlari bevosita deputat ko‘magi bilan amalga oshishi hudud aholisining quvonchiga sabab bo‘ldi. Deputatlar muammolarni bemalol o‘rtaga tashlash zarurligi, “Ochiq byudjet” singari loyihalarda faol ishtirok etish kerakligi, bolalarning shinam maskanda sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun bor imkoniyatni ishga solish borasida yaqindan ko‘mak berishlarini bildirishdi. Mazkur bog‘chaning rekonstruksiya qilish ishlarini mas’ul quruvchi tashkilot mutasaddilariga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shundan so‘ng partiyaning “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi doirasida tashkil etilgan “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasining saralash bosqichi ishtirokchilari bo‘lgan o‘rta va kichik biznes vakilalarining xonadonlari va korxonalariga ham borildi.


Xususan, o‘zining tomorqasidagi yerda issiqxona tashkil qilib u yerda rediskaning noyob turlarini yetishtirayotgan Go‘zal Ernazarova, tikuvchilik hunari ortidan o‘zi singari o‘nlab mahalladosh xotin-qizlarga hunar o‘rgatayotgan Dilobar Sarimsoqova, o‘z uyida mo‘’jazgina tikuv sexiga asos solib, samarali ishlayotgan tadbirkor Nodira Mirsagatovalarning biznes faoliyatini kuzatgan xalq vakillari hamda partiya mutasaddilari ularning tadbirkorlik faoliyatini yuritishda duch kelayotgan muammolari bilan qiziqdi. Biznes salohiyati va samaradorligini oshirishda zarur bo‘lgan tegishli huquqiy, amaliy tavsiyalarini berdi. Ularga partiyaning esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalari topshirildi. Loyiha ishtirokchilari ham o‘z navbatida deputatlar va partiya mutasaddilariga tashrif va ko‘rsatilgan amaliy ko‘maklar uchun minnatdorlik bildirdi.
A.Musayev, O‘zA.