Deputat muammoni hal qilishga ko‘maklashdi
Yildan yilga Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlarning faolligi oshib bormoqda. Ularning mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, qonun ustuvorligini ta’minlash, saylovchilarning huquqlarini himoya qilishda faolligini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
“Adolat” SDPdan Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati Shahlo Rahmatova Navbahor tumanidagi o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlarida maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchi va xodimlar o‘z hisoblaridan tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelishayotganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining “Xodimning majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlarni kompensatsiya qilish” deb nomlangan 292-moddasida xodimning majburiy tibbiy ko‘rikdan, u dastlabki (ishga qabul qilish chog‘ida) yoki davriy (ish jarayonida) xususiyatga ega bo‘lishidan qat’i nazar, o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlarni kompensatsiya qilish ish beruvchining hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2012-yil 10-iyuldagi “Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i bilan tasdiqlangan Nizom talablaridan kelib chiqqan holda tumandagi maktabgacha va maktab ta’limi tizimida ishlayotgan xodimlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi tasdiqlangan.

Bugungi kunda Navbahor tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 37 ta umumta’lim maktabida 3 ming 950 nafar hamda 17 ta maktabgacha ta’limi muassasasida 637 nafar xodim faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Nizom talablari asosida tuman maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari xodimlari tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan har yilda bir marotaba pullik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, buning uchun bo‘lim tomonidan har bir xodim uchun o‘rtacha yuz ming so‘mdan, jami 458 million so‘m atrofida pul ko‘chirib berilishi lozim edi.
Soha xodimlarining bir necha yillardan buyon turli idoralarga qilgan murojaatlari esa natija bermagan. Deputat mazkur masala yuzasidan Navoiy viloyati hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari J.Xo‘jayevga deputatlik so‘rovi yuborgan edi.
Ushbu deputatlik so‘rovi yuzasidan Navoiy viloyat va tuman prokuraturalari tomonidan o‘rganishlar olib borilib, muammoga qonuniy yechim topildi.
Natijada Navbahor tuman prokuraturasining amaliy yordami bilan tumandagi maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarining 4 ming 587 nafar xodimi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta’minlandi.
Shuningdek, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 2024-yil uchun tasdiqlanadigan asosiy xarajatlar smetasiga xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish xarajatlarini kiritish bo‘yicha kelishib olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri