Deputat ko‘magida muammolar hal etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari o‘zlari saylangan hududlarda bo‘lib, saylovchilar bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazmoqda.
O‘zbekiston tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zLiDEP tomonidan Oliy Majlis deputatligiga saylangan Tohirjon Ahmadaliyev Ulug‘nor tumanida aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturi ijrosi va boshqa masalalar bo‘yicha odamlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganib, ularni hal etish yuzasidan zarur choralar ko‘rdi.

Dastlab, deputat Ulug‘nor tumani Sariqsuv mahallasida tadbirkor Sh. Shermatov tomonidan barpo etilayotgan, loyiha qiymati 78 milliard so‘mga teng “Ulug‘nor fayz tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilishi jarayoni bilan tanishdi. Asosan, ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxona to‘la quvvat bilan ish boshlagach, 300 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Shundan so‘ng tumanning Farovon mahallasida loyiha qiymati 3 million dollarga teng, mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilayotgan “Vodiy sanoat faxri” mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilishi bilan tanishdi.

Shuningdek, o‘rganish davomida Yangiobod mahallasidagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Baraka chevarlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda ipni qayta ishlaydigan “Karstan fider” korxonasi faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati bilan tanishdi. Mazkur korxona yiliga 1 ming 100 tonna mahsulot ishlab chiqaradi. Joriy yilning birinchi choragida 65 ming dollorlik korxona mahsuloti xorijiy davlatlariga eksport qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida deputat Shahriobod mahallasi hududida aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida yangi qurilayotgan 80 ta xonadondan iborat ikkita ko‘p qavatli uy-joy qurilishi jarayoni bilan tanishdi. Turkiyalik investorlar bilan hamkorlikda barpo etilayotgan mazkur ko‘p qavatli uylar axolini uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bilan birga, mahalla qiyofasini yanada go‘zal bo‘lishiga xizmat qiladi.
Aholini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish bo‘yicha Oq tom mahallasida faoliyat olib borayotgan kasb-hunarga o‘rgatish markazi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur markazda chevarlik, pazandalik, ayollar sartaroshi, uy hamshiraligi, kompyuter operatori, keksalar va yolg‘iz qariyalarni parvarishlash kabi yo‘nalishlarda o‘quv xonalari tashkil etilgan bo‘lib, ayni kunda bu yerda 75 nafar xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitilmoqda.

– O‘rganish, uchrashuv va muloqotlarda aholini qiynab kelayotgan muammolar puxta o‘rganildi, – deydi Tohirjon Ahmadaliyev. – Fuqarolarning ishga joylashish, kredit olish, uy-joy masalasi, ichki yo‘llarni ta’mirlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish va boshqa qator masalalarni hal etish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.
Uchrashuv va muloqotlarda ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga Oliy Majlis deputati hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari atroflicha javob qaytardi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA