"Deputat ayollar klubi": yutuq va kamchiliklar
"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashida “ZOOM” videodasturi orqali Kengash qoshidagi "Deputat ayollar klubi"ning 2021 yildagi faoliyati sarhisobi yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat Kengashi xodimlari, Oliy Majlis Senati va mahalliy Kengashlardagi MTDPdan saylangan deputat ayollar qatnashdi.
"Deputat ayollar klubi"ning 2021 yilda amalga oshirgan ishlari, erishilgan natijalar, shu bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, 2022 yildagi faoliyatning asosiy yo‘nalishlari hamda klub faoliyatiga oid boshqa masalalar atroflicha muhokama etildi.
Tadbirda ijtimoiy va iqtisodiy sohadagi muammolarni "mahallabay" va "fuqarobay" shaklda samarali hal etishda "Deputat ayollar klubi"ning o‘rni yuzasidan dolzarb va muhim masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Klub faoliyatining joriy yil yakunlari yuzasidan amalga oshirgan ishlari tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, klub a’zolari tomonidan o‘tkazilgan "Uyma-uy", "Deputat bilan yuzma-yuz", "Xizmat-beminnat", "Deputat mahallada" loyihalari doirasida 2 ming 105 ta xonadon o‘rganilgan. 1 ming 35 nafari ehtiyojmand xotin-qizlar, 400 nafar ayollar bandligi ta’minlangan, 63 nafar xotin-qizga imtiyozli bank kreditlari olib berishga erishilgan. 209 nafar tibbiy ko‘makka muhtoj ayolga bepul davolanish uchun order, dori vositalari, 139 nafar xotin-qizga moddiy yordam va homiylik yordamlari ko‘rsatilgan. Shuningdek, "mahallabay" va "fuqarobay" ishlash tizimi asosida "Temir", "Ayollar" va "Yoshlar" daftarlariga kiritilgan oilalar sharoiti o‘rganilgan. Aniqlangan 2 ming 358 ta muammodan 1 ming 394 tasi ijobiy hal etilgan.
"Sayyor qabul"lar doirasidagi 767 ta uchrashuvda fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida tegishli tashkilotlarga 1,5 mingdan ortiq deputatlik so‘rovlari yuborilgan. 1 ming 179 tasi ijobiy hal etilishiga erishilgan.
Yig‘ilishda "Deputat ayollar klubi" faoliyatini jonlantirish, yanada faol va tashabbuskorlik asosida ish yuritish, hamjihatlikda ishni samarali tashkil etishning muhimligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, deputatlik faoliyatini yuqori faollikda samarali bajarib kelayotgan deputatlar bilan bir qatorda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim deputatlar ishiga tanqidiy yondashildi. Ularga kerakli topshiriq va tavsiyalar berildi.

"Deputat ayollar klubi"ning 2022 yilga mo‘ljallangan ish rejasi muhokama qilindi. Navbatdagi muhim va dolzarb masalalar yuzasidan vazifalar belgilandi.
Zarif Komilov, O‘zA