Dekan o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi
bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni erta aniqlash, javobgarlik muqarrarligini ta’minlash, ularga chek qo‘yish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Buxoro shahar bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti fakultet dekani o‘rinbosari institutning 1-bosqich talabasi X.ning ishonchiga kirib, tanishlari orqali uning o‘qishini 500 dollar evaziga kunduzgi bo‘limdan sirtqi bo‘limga ko‘chirib berishni va’da qilib, oldindan 300 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Boshqa bir holatda esa fuqaroning foto va video tasvirlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qo‘rqitib, evaziga mo‘may pul talab qilish bilan bog‘liq holatga chek qo‘yildi.
Xususan, Departament hamda Toshkent shahar IIBBning Yashnobod tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro G. (ayol) fuqaro B. bilan birga ishqiy munosabatda bo‘lgan foto va video tasvirlarni internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqatish bilan qo‘rqitib, evaziga talab qilgan 85 million so‘mdan 10 million so‘mini o‘ziga tegishli bo‘lgan plastik kartaga o‘tkazib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bundan tashqari, G. joriy yilning mart oyidan shu kunga qadar B.ni o‘zi tomonidan tasvirga olingan foto va video tasvirlarni tarqatish bilan qo‘rqitib, uning 200 million so‘mdan ortiq pulini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA