Dehlida o‘zbek va hind ijodkorlarining yangi kitoblari taqdimoti o‘tkazildi
Hindiston poytaxtidagi “Indian Press” klubida o‘zbek va hind olimlari, shoirlar va ilmiy tadqiqotchilar qalamiga mansub yangi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.Unda Hindistonning turli gazeta va jurnal,televideniye, radio hamda nashriyotlaridan jurnalistlar, tilshunoslar, adabiy tanqidchilar va yosh ijodkorlar ishtirok etdi.
Anjumanda mualliflarning adabiyot, pedagogika, san’atshunoslik va madaniy merosga bag‘ishlangan qator kitoblari keng jamoatchilikka taqdim etildi. Xususan, marhum o‘zbek shoiri A’zam O‘ktamning urdu tiliga tarjima qilingan “Qo‘qon shamoli” she’riy to‘plami, Bekzodbek Abdullayevning “Bozor munosabatlarida shaxsiy nutqning shakllanishi”, Binafsha Bozorovaning “Zulfiya ijodining xorijiy mamlakatlarda o‘rganilishi”, Zamira Razzoqovaning “Qalb girdoblari”, Asror Allayorovning “O‘zbek xalq raqslari motivlarining madaniy va pedagogik ahamiyati”, Rahmatjon Abdusattorovning “Iqon: Tamaddun va tafakkur tarixi”, Santosh Patel va O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubovaning “Lazgi va Bharatnatyam raqslari qiyosiy tadqiqi”, Baxtiyor Rasulov va Muhayyo Ortiqovaning “Andijon polka: An’ana, qadriyatlar va zamonaviylik”, Mandavi Singx va Axloq Ahmad Ahanning “Lazgi va kathak raqslarining qiyosiy tadqiqoti: tarixiy evolyutsiya, o‘xshashliklar va mustaqillikdan keyingi rivojlanish bosqichlari”, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutio‘qituvchisi Aziz Rajabiyning “Akademik Yunus Rajabiy” kabi monografiyalari yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Bugun taqdim etilgan kitoblar shunchaki faqat adabiy yoki ilmiy ahamiyatga ega emas. Ular orqali ikki xalqning dunyoqarashi, madaniy qadriyatlari va tarixiy mushtarakliklari yanada yaqinlashmoqda. Ayniqsa, tarjima ishlarining kengayishi o‘zaro tushunishni mustahkamlaydi, -deydi jurnalist va tarjimon Asror Allayorov.

Shuningdek, yig‘in doirasida yangi xalqaro ilmiy nashr - “Suz.in” jurnali birinchi sonining taqdimoti ham o‘tkazildi. Ta’kidlanishicha, “Suz.in” ilmiy tafakkur orqali ikki mintaqa do‘st xalqlarining chuqur tarixiy va madaniy bog‘liqligini ochib berishga bo‘lgan intilishni ifodalaydi.
Ilk sonda O‘zbekiston, Hindiston va Qozog‘iston olimlari hamda tadqiqotchilarining ilmiy maqolalari chop etilgan. Mualliflar geografiyasi va mavzular rang-barangligi qamrovning kengligidan dalolat beradi. Tadqiqotchilar e’tibori markazida Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlarining tarixiy aloqalari, madaniy muhitning umumiy jihatlari, shuningdek, asarlari asrlar davomida mintaqalararo muloqot uchun asos bo‘lib xizmat qilib kelayotgan buyuk mutafakkirlar Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa allomalarning bebaho merosi o‘rin olgan.
– Ushbu jurnalning chop etilishi ajdodlarimizning boy merosini ommalashtirishga xizmat qiladi, shuningdek, yosh olimlar uchun o‘ziga xos yangi g‘oyalar inkubatoriga aylanib, Toshkent va Dehli o‘rtasidagi ilmiy-akademik poydevorni mustahkamlaydi, - dedi filologiya fanlari doktori, professor Hulkar Hamroyeva.
Nashr nafaqat olimlar uchun minbar, balki xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni qanday mustahkamlashi mumkinligini namoyish etuvchi muhim “yumshoq kuch” vositasiga aylanishi ko‘zda tutilgan.
D.Hakimov, O‘zA