“Davlatimiz bayrog‘i faxrimiz, g‘ururimizdir”
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi tashabbusi bilan Navoiy shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi” Qonuni qabul qilinganligining 30 yilligiga bag‘ishlab “Davlatimiz bayrog‘i faxrimiz, g‘ururimizdir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Vatanimiz mustaqilligining timsoli hisoblangan bayrog‘imiz o‘zida xalqimizning g‘ayrati va shijoatini mujassam etgan. Bu yil 18 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi.

- Vatanimiz bayrog‘i o‘zining ko‘rki va jamoli bilan qadimda mavjud bo‘lgan milliy davlatlarimiz bilan tarixan bog‘liqligini anglatib, barcha ijtimoiy-madaniy qadriyatlarimizni o‘zida mujassamlashtirgani bilan ahamiyatlidir, - deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev.
- O‘zbekiston bayrog‘i timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, tinchliksevarlikni, beg‘uborlik va soflikni, orzular tozaligi va ichki go‘zallikka intiluvchanlikni, navqironlik va umidlilikni, tabiat bilan uyg‘un yangilanib borishni bildiradi.

Bayrog‘imizdagi yulduzlar tasviri esa o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z ona yerida saodatga intilishi ramzidir. Vatan bayrog‘iga e’tibor, unga hurmat ko‘rsatish va qadrlash zamirida vatanparvarlik tuyg‘ulari yotadi. U yoshlar tarbiyasida alohida ahamiyatga ega.
Tadbirda o‘quvchilar o‘rtasida tasviriy san’at, to‘qish, Xend-mend (chiqindilardan ijodiy ishlar), munchoqli bezak yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy ishlar tanlovi o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar mahoratlarini ishga solgan holda Davlatimiz bayrog‘ini o‘zlarining ijodiy ishlari orqali tasvirlab berdi.

Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, baholandi.
Xend-mend yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa Shahrizoda Holiqulova, munchoqli bezak yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa Marvarid Tashqulova, tasviriy san’at yo‘nalishida 1-o‘ringa Ozodbek Eshnazarov, to‘qish yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa E’zoza Xudoyqulova munosib ko‘rildi.

Tanlov g‘oliblari va sovrindorlariga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limining sovg‘alari topshirildi.
Tadbir davomida maktab o‘quvchilari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifify tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA