“Davlatbotir”ning zamonaviy mahalla binosi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma sakkiz yilligi oldidan Farg‘ona viloyatida bir qator ishlab chiqarish, ijtimoiy-madaniy ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda.
O‘zbekiston tumani “Davlatbotir” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi bayramga munosib tuhfa bo‘ldi. Barcha sharoitlarga ega mazkur maskan davlat -xususiy sheriklik asosida bunyod etildi.

Ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i S.Aminjonov, tuman hokimi Q.Jo‘rayevlar mamlakatimizda mahalla instuti faoliyatini yanada rivojlantirish, uni eng xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.Mahalla yig‘inlarining moddiy- texnik bazasini mustahkamlash, yangi mahalla binolarini qurish doimiy e’tiborda ekanligi alohida qayd etildi.

Namunaviy loyiha asosida qisqa fursatlarda qurilib, foydalanishga topshirilgan “Davlatbotir” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosida xodimlar va mahalla aholisi uchun barcha zarur sharoit va qulayliklar yaratilgan.
-Mahallamizda 736 ta oila bor, -deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Erkinjon Otajonov. –Yangi binomizda alohida xonalardan tashqari, yig‘in kengashi uchun ham yig‘ilishlar zali barpo etilib, barcha xonalar zamonaviy mebel jihozlari bilan ta’minlangan. Bu maskanda nafaqat fuqarolar yig‘ini xodimlari, balki bu yerga keladigan har bir fuqaro uchun barcha qulayliklar mujassam.
Zamonaviy qiyofa kasb etgan bino qurilishiga tadbirkor, “Sho‘rsuv sement” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Abduvohid Yoqubov tomonidan 580 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Ayni kunlarda yoshlarini qo‘llab-quvvatlovchi, ularning chuqur bilim olishlari, bandligini ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim va ezgu loyihalar ustida ish olib borilmoqda.

Viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan mahalla fuqarolar yig‘iniga kompyuter jamlanmasi topshirildi. Shuningdek, mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillariga qishki kiyimlar taqdim etildi.
Birgina O‘zbekiston tumanida joriy yilda 4 ta davlat-xususiy sheriklik hamda 6 ta homiylik asosida mahalla fuqarolar yig‘ini binosi qurildi.
M. Sulaymonov, O‘zA