Davlat xizmatlari markazi yangi binoda
Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahar Davlat xizmatlari markazi yangi binoda ish boshladi.
Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahar Davlat xizmatlari markazi yangi binoda ish boshladi.
Kattaqoʻrgʻon shahar hokimi v.b. Gavhar Alimova markaz xodimlarining yangi binoda faoliyat yuritishi “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni yana-da samarali amalga oshirishni ragʻbatlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
“Jahongir Shohjahon Trans” MCHJ tomonidan qurilgan binoda barcha qulayliklar mujassam. Kirish qismida koʻrsatiladigan davlat xizmatlari haqida maʼlumot beruvchi RECEPTION joylashgan. Joriy qilingan elektron navbat tizimi fuqarolarga qulaylik yaratadi.
Oʻrnatilgan INFOLAND orqali fuqaro mobil telefonda QR-kodni skaner qilish hamda ilova qilib oʻzini qiziqtirgan xizmat haqida toʻliq maʼlumot olishi mumkin. Markazda bir vaqtning oʻzida 20 murojaatchiga xizmat koʻrsatish imkoni mavjud.
Bu yerda murojaatchilar elektron baholash qurilmasi orqali davlat xizmatlarini olish bilan birga, markaz xodimining muomala madaniyatini ham baholashi mumkin. Xodimga berilgan baho boshqarma tomonidan nazorat qilib boriladi.
Bundan tashqari, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida davlat xizmatlarini Eksterritorial tamoyil asosida koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.
Shuningdek, yangi markaz binosida Bosh vazir qabulxonasi joylashgan, fuqarolik pasportini berish, haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmatlari ham koʻrsatiladi. Bolalar uchun moʻljallangan maydoncha bor.
– Hozirda markazimiz tomonidan aholiga 130 ga yaqin xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan yili 36346 fuqaroga xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, joriy yilning shu vaqtiga qadar 7580 fuqaroning murojaati qanoatlantirildi. Albatta markazning bunday zamonaviy binoda faoliyat yuritishi kelgusida aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning sifati va tezkorligini yana-da yaxshilash bilan birga, xodimlarimizga ham oʻz vazifalarini aʼlo darajada bajarish imkonini beradi, – deydi Kattaqoʻrgʻon shahar Davlat xizmatlari markazi rahbari Shavkat Abdullayev.