Davlat xizmatiga tanlovlar ochiq bo‘lmoqda
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tomonidan davlatimiz rahbarining 2022 yil 11 mayda qabul qilingan “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Davlat xizmati tizimi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, davlat organlari va tashkilotlariga ochiq tanlov orqali ishga qabul qilish, davlat fuqarolik xizmatchilarida yuksak kasbiy axloq-odobni, korrupsiyaga qarshi turish, xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish zamonaviy boshqaruv islohotlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Boshqaruv kadrlarini tanlab olish, saralash yo‘nalishida belgilangan vazifalar ijrosi davlat boshqaruvini zamon talabi darajasiga chiqarishda hal qiluvchi ahamiyatga ega, – deydi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali rahbarining o‘rinbosari Ibrohim Hojiyev. – Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham davlat fuqarolik xizmatida korrupsiyaning oldini olish, unga barham berish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida, davlat organlari va tashkilotlaridagi davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilish ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshirilishi va uning tartiblari alohida belgilab qo‘yilgan. bugungi kunda viloyatimizdagi 43 ta davlat organ va tashkilotda xodimlarni vacancy.argos.uz portali orqali ochiq tanlov bilan ishga qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Shu yilning 1 aprel holatiga Namangan viloyatidagi davlat organlari va tashkilotlaridagi mavjud 3 ming 131 ta vakant shtat birligi bo‘yicha tanlovlar e’lon qilindi. Ushbu vakant lavozimlar uchun 20 ming 882 nafar talabgorning hujjatlari elektron shaklda kelib tushgan bo‘lib, nomzodlarning 7 ming 585 nafari test, 5 ming 456 nafari esa suhbat bosqichiga o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha jami 2 ming 302 talabgor tanlov g‘olibi, deb topildi. 580 ta vakant lavozim amalda o‘z egasini topmay, qayta tanlovga qo‘yilgan.
Tanlovlarning o‘tkazilishi yuzasidan fuqarolar tomonidan 2022 yil 1 aprel holatiga viloyat filialiga jami 1 ming 222 ta murojaat kelib tushgan. Shulardan uchtasi Prezidentning virtual qabulxonasi, ikkitasi Adliya vazirligi ishonch telefoni, bittasi filial rahbariga ariza, yana bittasi Davlat fuqarolik xizmatining yagona elektron axborot portali (my.argos.uz), ikkitasi “murojaat_argos” va 1 ming 213 tasi “Vacancy_argos|Murojaatlar” boti orqali kelib tushgan murojaatlarni tashkil etadi.
Murojaatlar turi bo‘yicha tahlil qilinganda, 516 ta ish, 96 ta test, 156 ta tanlov bosqichlari to‘g‘risida xabardorlik, ikkita kelishuv, 37 ta tanlov jarayonidan norozilik, 16 ta taklif, 139 ta “oneID”dan ro‘yxatdan o‘tish va 252 ta boshqa masalalardagi murojaatlar hisoblanadi.

Korrupsiyaning oldini olishda Prezident huzuridagi Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, davlat organlari va tashkilotlarida vakant lavozimlar uchun ochiq mustaqil tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish, vacancy.argos.uz portalidan foydalanish, davlat xizmatchilarini onlayn malaka oshirishi uchun tashkil etilgan ilm.argos.uz platformasi hamda davlat fuqarolik xizmatchilari va fuqarolar uchun — my.argos.uz portali, shuningdek, kadr.argos.uz platformasining yuritilishi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA