Davlat xizmatchisi qanday bo‘lishi kerak?
Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi.
Viloyat hokimining o‘rinbosarlari, guruh va kotibiyat mudirlari, apparat xodimlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari vakillari ishtirokida shahar, tumanlar hokimliklari bilan videokonferensiya aloqa shaklida o‘tgan seminarda dastlab Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi O‘ktam Hamroyevning ma’ruzasi eshitildi.

Davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, davlat fuqarolik xizmatchilarining ishchanlik obro‘si va xizmatning nufuziga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar yoki harakatsizlik, xizmat faoliyatidagi va xizmatdan tashqaridagi xulq-atvorning asosiy qoidalari haqida batafsil tushuncha berildi. Shundan so‘ng Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining viloyat filiali rahbari o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyevning “Davlat fuqarolik xizmatchilarining namunaviy odob-axloq qoidalari, ularni qabul qilish shart-sharoitlari, zarurati va ahamiyati hamda Kasbiy madaniyatga oid, xizmat faoliyatidagi va xizmatdan tashqari, shuningdek, tashqi ko‘rinish va kiyinish uslubiga oid umumiy odob-axloq qoidalari” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.

Seminarda jamoatchilik vakillari, jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlashda odob-axloq qoidalariga rioya qilish va uning ahamiyati, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarining oldini olish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Davlat fuqarolik xizmatchilari halol va vijdonan faoliyat olib borishlari, xalq roziligi uchun mehnat qilishlari zarurligi, davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilayotgan asosiy talab ham shundan iborat ekanligi, viloyatda ham belgilangan odob-axloq qoidalariga amal qilinishini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.
Sh.Suyarov,
Sh.Ortiqboyev, O‘zA.