Davlat xaridlarida narxlarni asossiz oshirganlik uchun jarima belgilanmoqda
Qonun loyihasiga sharh
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat boshqaruvida ochiqlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramay ko‘p hollarda, ayniqsa, davlat xaridlarida korrupsion omillar saqlanib qolmoqda. Endilikda davlat xaridlaridagi korrupsiyaviy harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi aynan shu masalalarga daxldor.

— Mazkur qonun loyihasi Prezidentimizning 2025-yil 30-dekabrdagi farmoni ijrosi doirasida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Davron Aripov. — Loyihada korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan normalar o‘z aksini topgan. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va hududiy kengashlar, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki tuzilmalar faoliyati samaradorligini yanada oshirish, davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiya omillarini qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat xaridlarida tovar va xizmatlarning boshlang‘ich narxi va o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovut miqdorini buzish holatlari ko‘payib bormoqda. Shu bois, bunday holatlar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ma’muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Bu holatlar uchun birinchi marotaba 12 million 400 ming so‘mgacha, takroran sodir etilganda 20 million 600 ming so‘mgacha jarima jazosi belgilanmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2023-2025-yillarda davlat xaridlarida narxlarning eng past takliflariga nisbatan jami 560 milliard so‘m yuqori narx taklif qilgan ishtirokchilar g‘olib deb topilgan.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi qonunlarga bir qator muhim qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vakolatlari, huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Zarurat tug‘ilganda vakolatini amalga oshirish doirasida tegishli hujjat va materiallar bilan tanishish maqsadida davlat organi va tashkilotining ob’ektlariga to‘sqinliksiz kirish, davlat organi va tashkiloti tizimida qonun buzilish holatlarining oldini olish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma va ularni bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har bir davlat organi va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish vazifasi yuklatilmoqda. Shuningdek, davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etishi, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni bartaraf etish, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash choralarini ko‘rishi taklif etilmoqda, — deyd deputat.
Shuningdek, qonun loyihasiga ko‘ra, Hisob palatasi raisining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan tartibda tayinlanadi.
Ta’kidlash lozimki, loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish, davlat mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat xaridlarida tovar va xizmatlar narxining o‘rtacha bozor narxidan asossiz oshirilishiga qarshi ta’sirchan huquqiy mexanizmlarni yaratadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA