Davlat tilining nufuzi qonun tilidan boshlanadi
Til bayramida o‘zbek tilining tarixi va badiiy imkoniyatlari haqida ko‘p gapiramiz. Lekin davlat tilining nufuzi davlat qabul qiladigan hujjatlarda, ayniqsa qonunlarda ham namoyon bo‘ladi. Chunki qonun davlatning fuqaro bilan gaplashadigan asosiy huquqiy tili.
Noaniq yozilgan qonun bir xil ishlamaydi
Qonun insonga huquq beradi, majburiyat yuklaydi, davlat organining vakolatini belgilaydi. Undagi bitta so‘z ham huquqiy natijani o‘zgartirishi mumkin. Masalan, «mumkin» tanlash imkoniyatini, «shart» esa majburiy talabni ifodalaydi. «Va» bilan «yoki» bog‘lovchilarining almashishi ham shartlarning qanday bajarilishini o‘zgartiradi.
«Ma’qullash» va «tasdiqlash» so‘zlari kundalik nutqda yaqin tuyuladi. Huquqda esa ular muayyan holatda turli sub’ekt, bosqich va oqibatni ifodalashi mumkin. Shuning uchun yuridik atamalarni erkin almashtirish mumkin emas.
Noaniq norma bir idorada bir xil, boshqasida o‘zgacha talqin qilinishiga olib keladi. Bu ortiqcha byurokratiya, nizo va sudlashuvga sabab bo‘lishi mumkin. Qonun tiliga e’tibor huquqiy aniqlik va fuqarolar manfaatlariga e’tibordir.

Tushunarli qonun — soddalashtirilgan qonun emas
Qonunni tushunarli yozish uning mazmunini yengillashtirish degani emas. Tushunarli qonunda har bir atama bir ma’noda ishlatiladi. Huquq kimga berilgani, majburiyatni kim bajarishi, qarorni qaysi organ qabul qilishi aniq ko‘rinadi.
«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonun ham hujjat matni aniq, lo‘nda, oddiy va ravon bo‘lishini, turlicha sharhlashga olib keluvchi noaniqliklarga yo‘l qo‘yilmasligini talab qiladi. Qonun tili matnning tashqi bezagi emas, huquqiy normaning ajralmas qismidir.
Loyiha parlamentda nega qayta-qayta tekshiriladi?
2025-yilda Qonunchilik palatasiga 170 ta yangi qonun loyihasi kiritildi. Avvalgi yildan o‘tganlari bilan birga 204 ta loyiha ko‘rib chiqilib, 171 ta loyihani qamrab olgan 133 ta qonun qabul qilindi. Bu parlamentdagi ish hajmini ko‘rsatadi.
Har bir loyiha parlamentda mazmunan va til jihatidan o‘rganiladi. Mas’ul qo‘mitalar normalar boshqa qonunlarga mosligini, atamalar va havolalar aniqligini tekshiradi. Qonun loyihasi, qoida tariqasida, uch o‘qishda ko‘rib chiqiladi.
Qonunchilik palatasida Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi tashkil etilgan. U atamalarning qonunchilikda qabul qilingan ma’noda, yagona shaklda va turlicha talqinga yo‘l qo‘ymaydigan tarzda qo‘llanishini o‘rganadi. Komissiya yig‘ilishlaridan birida bir qonun loyihasiga davlat tili qoidalari asosida 30 dan ortiq tuzatish taklif etilgan.
Qonunchilik palatasi Devonida Lingvistik ekspertiza, tarjima va tahririyat bo‘limi faoliyat yuritishi ham bu ishga institutsional e’tiborni ko‘rsatadi. Matndagi imlo bilan birga huquqiy tushunchalar, jumlalar mantig‘i va turli tillardagi matnlarning mazmuniy muvofiqligi ham muhim.
Lingvistik ekspertiza — oddiy tahrir emas
Korrektor imlo va punktuatsiyani tekshirsa, lingvistik ekspert so‘z huquqiy mazmunni to‘g‘ri ifodalaganmi, norma bir necha ma’noda tushunilishi mumkinmi, degan savollarga ham e’tibor qaratadi.
Amaldagi qonunchilikda huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizalar majburiy. Lingvistik ekspertiza esa ishlab chiquvchi yoki hujjatni qabul qiluvchi organ qaroriga ko‘ra o‘tkazilishi mumkin. Demak, barcha loyihalar til jihatidan bir xil chuqurlikda tekshirilishi umumiy majburiy talab emas.
Inson huquqlari, javobgarlik, soliq, tadbirkorlik va keng jamoatchilik manfaatlariga daxldor loyihalar uchun lingvistik ekspertiza qamrovini kengaytirish maqsadga muvofiq. Uning mezonlari va natijalarini ko‘rib chiqish tartibi ham aniq bo‘lishi lozim.
Sifat talabi parlamentdan oldin boshlanishi kerak
Qonunchilik palatasining 2025-yilgi faoliyati tahlilida ayrim loyihalar sifati yetarli emasligi va parlamentda jiddiy qayta ishlanayotgani qayd etilgan. Parlamentga xom hujjat kelsa, mutaxassislar vaqti mazmuniy masalalar o‘rniga texnik kamchiliklarni bartaraf etishga ketadi.
Shuning uchun loyihani tayyorlashning dastlabki bosqichidan huquqshunos va tilshunos hamkorlik qilishi, asosiy atamalar oldindan kelishilishi kerak.
Parlament tadqiqotlari instituti qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan o‘tkazish va tahliliy o‘rganishda normalarning ilmiy asoslangani, mantiqiy izchilligi va huquqiy havolalarga e’tibor qaratadi. Sifatli qonun uchun huquqshunos, tilshunos va soha mutaxassisining hamkorligi zarur.
Davlat tili raqamli muhitda ham huquqiy aniqlikni saqlashi kerak
O‘zbek tilini raqamli texnologiyalarga integratsiya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Elektron til resurslari va sun’iy intellekt vositalari huquqiy atamalarning turlicha ishlatilishini, eskirgan havolalarni va tarjimalardagi ehtimoliy farqlarni aniqlashga yordam berishi mumkin.
Biroq dastur huquqshunos yoki tilshunos o‘rnini bosmaydi. Qaysi atama huquqiy jihatdan to‘g‘riligini inson belgilaydi. Umumiy til resurslari negizida Konstitutsiya, kodekslar, qonunlarning amaldagi va tarixiy tahrirlari, parlament materiallari hamda tasdiqlangan atamalarni qamrab olgan milliy huquqiy til korpusini shakllantirish maqsadga muvofiq.
Qonun faqat mutaxassis uchun yozilmaydi
Qonunning asosiy manzili — fuqaro. Tadbirkor o‘z majburiyatini, ota-ona bolasiga berilgan kafolatni, xodim mehnat huquqini qonundan anglay olishi kerak.
Muhim qonunlar bilan birga fuqarolar uchun sodda sharhlar ham e’lon qilinishi mumkin: nima o‘zgardi, kimga taalluqli, qanday huquq yoki majburiyat paydo bo‘ldi, qonun qachondan amal qiladi? Bu sharhlar rasmiy matnni almashtirmaydi, balki fuqaro bilan qonun o‘rtasidagi masofani qisqartiradi.
Oldinda turgan amaliy vazifalar
Lingvistik tahlil konsepsiya va dastlabki matn tayyorlanayotgan bosqichda boshlanishi, yuridik atamalarning ochiq elektron bazasi muntazam yangilanishi kerak. O‘zbekcha qonun matni bilan qoraqalpoqcha, ruscha va boshqa tillardagi tarjimalarning mazmuniy muvofiqligini tekshirish uchun ham aniq standart zarur.
Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi, Qonunchilik palatasi Devoni, Parlament tadqiqotlari instituti, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar hamkorligi doimiy ish mexanizmiga aylanishi lozim. Milliy yuridik til qonunlarni tayyorlash, qo‘llash va ilmiy tahlil qilish jarayonida rivojlanadi.
Bayramning amaliy mazmuni
Davlat tilining obro‘si faqat tantanali tadbirlar bilan o‘lchanmaydi. U fuqaro rasmiy hujjatni o‘qiganda, sud qarorini tushunganda va qonundan o‘z huquqini topa olganda namoyon bo‘ladi.
Qonun tili xalq tilidan uzilmasligi, ayni paytda huquqiy aniqlikdan chekinmasligi kerak. 21-oktabr har bir qonunni davlat tilida aniq, ravon, mantiqan izchil va fuqaroga tushunarli yozish mas’uliyatini eslatadigan kundir.
Laziza Niyozova
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari
instituti bosh ilmiy xodimi