Davlat tili maqomi yanada oshiriladi
Mamlakatimizda norma ijodkorligi faoliyatini yanada takomillashtirish, qonunchilik hujjatlarini sodda va tushunarli tilda tayyorlash, o‘zbek tilining nufuzini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash ham dolzarb ahamiyatga ega.
Quyi palata majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida qonunchilik hujjatlarida foydalanilgan ayrim tushuncha va yuridik atamalarni yagona shaklda qo‘llash va ularning yuridik-texnik jihatdan to‘g‘ri bayon etilishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Xususan, “avans” so‘zini “bo‘nak”, “markirovka” so‘zini “tamg‘alash”, “marshrut”ni “yo‘nalish”, “svetofor”ni “yo‘lchiroq”, “kovorking”ni “ish markazi”, “parol”ni “o‘ron”, “progressiv” so‘zini esa “ilg‘or” deb o‘zgartirish nazarda tutilyapti.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi qonun hujjatlaridagi tushuncha va yuridik atamalarning qo‘llanilishidagi noaniqliklarni bartaraf etishga, ularni birxillashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, davlat tili maqomini yanada oshirishga, barcha jabhalarda xorijiy so‘zlarning o‘zbekcha shaklini ishlatilishini ta’minlashga asos bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA