Davlat tibbiyot muassasalariga lizensiya berish orqali nazorat tizimi joriy etiladi
“Tibbiyot sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalariga litsenziya berish orqali ularda litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish tizimi joriy etiladi.
Bunda quyidagi muddatlarda litsenziya olinishi majburiy etib belgilandi:
– respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari – 2027 yil 1 aprelga qadar;
– hududiy darajadagi davlat tibbiyot muassasalari – 2028 yil yakuniga qadar;
– tuman (shahar) darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari – 2030 yil yakuniga qadar.
Shuningdek, 2028-yil 1-apreldan boshlab Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga milliy yoki Sog‘liqni saqlashda sifat bo‘yicha xalqaro jamiyati (ISQua) tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tmagan respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari va nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan tibbiy xizmatlar xaridi bo‘yicha shartnoma tuzish taqiqlanadi.
Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot tashkilotlari akkreditatsiya jarayonlari (tashqi baholash va o‘tkazilgan inspeksiya natijalari) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritib boradi.
Milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot tashkiloti litsenziyasining amal qilish muddati milliy yoki xalqaro akkreditatsiyaning amal qilish muddatiga mos ravishda litsenziyalovchi organ tomonidan avtomatik tarzda uzaytiriladi.
O‘zA
-0-