Davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarida ulug‘vor strategik maqsadlar bor
XXI asr — shiddatli geosiyosiy o‘zgarishlar, globallashuv jarayonlarining tezlashuvi va axborot urushlari avj olgan murakkab davr.
Bunday sharoitda biror-bir davlatning chinakam mustaqilligi faqat siyosiy chegaralar daxlsizligi yoki iqtisodiy qudrati bilan emas, balki, uning ma’naviy mustaqillik hamda xalqining milliy o‘zligini anglash darajasi bilan belgilanmoqda.
Yangi O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulug‘vor va strategik maqsad belgilandi. Bu shunchaki orzu yoki shior emas, balki aniq tarixiy asoslar, xalq irodasi, ilm-fan va ma’naviyat uyg‘unligiga tayangan umummilliy harakatdir. Joriy yilning 28-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Shahidlar xotirasi” xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etib, shunday dedi: “Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi”.

Bu so‘zlar bejiz aytilmagan. O‘tmishda qatag‘on qilingan yuz minglab vatandoshlarimizning xotirasi oldida ta’zim qilish – o‘zlikni anglash va milliy g‘ururning jonli ifodasidir. Dunyoviy taraqqiyot modellari tahlili shuni ko‘rsatadiki, har qanday muvaffaqiyatli jamiyat zamirida bitta fundamental haqiqat yotadi – davlat inson uchun xizmat qilishi kerak. Yangi O‘zbekistonning butun siyosiy va ma’naviy mazmuni “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyil atrofida mujassamlashmoqda.
Bu, eng avvalo, fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalda ta’minlash, inson qadr-qimmatini muhofaza qilish, har bir shaxsning o‘z intellektual va ijodiy iqtidorini namoyon etishi uchun teng sharoitlar yaratish hamda jamiyatda fuqarolar ovozi tinglanishini kafolatlashdir.
So‘nggi yillarda erishilgan natijalar ushbu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi. Masalan, oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 44 foizdan oshdi. To‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan sifatli ta’lim yoshlarni zamonaviy mehnat bozoriga tayyorlash va ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash imkonini bermoqda. Ishsizlik darajasi 4,6 foizgacha tushgan bo‘lsa-da, demografik o‘sish sur’atlari yangi ish o‘rinlarini yaratishni eng ustuvor vazifa sifatida kun tartibida saqlab turibdi. Shuningdek, milliy kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga pasaydi. Mamlakatimizning “World Happiness Report” xalqaro hisobotida yuqori o‘rinlarni egallayotgani esa aholining hayotdan qoniqishi va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonchidan dalolat beradi.
Ma’naviy mustaqillik, bu – milliy tafakkur ozodligidir. Ma’naviy mustaqil bo‘lish dunyodagi voqea-hodisalarni boshqalarning mafkuraviy filtrlari orqali emas, o‘z milliy va davlat manfaatlari prizmasidan o‘tkazib tahlil qilishni talab etadi.
Bu borada raqamli transformatsiya jarayoni alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (IT) sohasining jadal rivojlanishi sharoitida o‘zbek tilining mavqeini mustahkamlash, uni faqat kundalik muloqot vositasi sifatida emas, balki raqamli dunyoda ilm va zamonaviy texnologiyalar yaratadigan tilga aylantirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu bois, bugungi axborot xurujlari davrida jamiyatda mustahkam ma’naviy immunitetni shakllantirish hayotiy zaruratga aylanmoqda. Ma’naviy immunitet shaxsning axborot oqimidan “oq”ni “qora”dan ajrata olishi, yolg‘on va feyk xabarlarni xolis tahlil qila bilishi hamda ma’naviy zararli kontentlarni rad eta olish qobiliyatida namoyon bo‘ladi. Bunday immunitet esa chuqur dunyoviy bilim, sog‘lom diniy ma’rifat, boy tariximizni teran anglash va yuksak kitobxonlik madaniyati – bir so‘z bilan aytganda, milliy o‘zlikni anglash orqali qaror topadi.
Ma’naviy-ma’rifiy yuksalishda ajdodlarimizning boy merosi, muqaddas qadamjolarning o‘rni hamda bugungi kunda erishilayotgan tarixiy yutuqlarimizni teran anglash beqiyos ahamiyatga ega.
Xususan, Samarqand viloyatidagi Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasining mutlaqo yangi va ulug‘vor qiyofada qayta bunyod etilgani tarixiy voqelik bo‘ldi. Buyuk muhaddis bobomizning boy merosini o‘rganish hamda hadislar zamiridagi insonparvarlik, halollik va mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib etish orqali jamiyatda sof va bag‘rikeng diniy muhit mustahkamlanmoqda. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy yuksalishni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida amaliy ishlar bajarildi. Mamlakatimizning 208 ta tuman va shahri hamda 14 ta hududi kesimida so‘nggi 10 yil davomida amalga oshirilgan olamshumul o‘zgarishlar, yurtimizning kechagi o‘tmishi va bugungi dorilamon kunlari aks etgan “Yangi O‘zbekiston shukronaligi” badiiy-publitsistik asarlar to‘plami yaratildi.
Ma’naviy mustaqillik va milliy o‘zlikni anglash jarayonining eng muhim poydevori ta’lim-tarbiya tizimidir. So‘nggi yillarda sohada tub burilish yaratilib, bolalarning bog‘cha yoshidagi qamrovi ilgarigi 27 foizdan 74 foizdan ziyodga yetkazildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni bir necha barobar ortib, bolalarning intellektual va ma’naviy rivojlanishi eng kichik yoshdan tizimli asosda yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda talabalar soni 1,6 million nafardan oshdi va ularning ta’lim yo‘nalishlari bevosita kelajak kasblariga moslashtirilmoqda. Bu esa milliy o‘zlikni anglash jarayonining amaliy natijasidir.
Shuningdek, mamlakat bo‘ylab 14 ta Prezident maktabi, o‘nlab ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i barpo etildi. Bu muassasalar umumta’lim maktablari uchun yangi sifat va innovatsiya lokomotiviga aylandi. Sohaga Kembrij va boshqa ilg‘or xalqaro ta’lim dasturlari, baholash tizimlari joriy etilib, o‘quvchilarning tahliliy va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirilmoqda.
Ma’naviy mustaqillik va milliy o‘zlikni anglash jarayonining tizimli asoslarini teran tushunishda “7 milliy dastur” konsepsiyasi alohida ahamiyatga ega. Ushbu dasturning poydevori “Bilim va malaka” yo‘nalishi bilan boshlanadi. Unda ilgari surilgan bosh g‘oyaga ko‘ra, bilim – insonni uyg‘otish, jaholatga barham berishning eng ustuvor yo‘li esa aynan ma’naviyatdir. Ikkinchi bosqich – “Sog‘lom va uzoq umr ko‘rish ta’minoti” bo‘lib, bunda inson shunchaki iqtisodiy resurs emas, balki oliy qadr-qimmatga ega shaxs sifatida e’tirof etiladi. Uchinchi bosqichdagi iqtisodiy taraqqiyot esa bilimli va sog‘lom insonning munosib hayot kechirishi hamda mehnatiga yarasha daromad topishi uchun zarur shartdir. Zero, doimiy moddiy qiyinchilik insonning ma’naviy imkoniyatlarini ham cheklab qo‘yadi.
To‘rtinchi bosqich – ekologiya, ya’ni “inson – jamiyat – tabiat” zanjiri orqali kengayib boruvchi mas’uliyat doirasi, beshinchi bosqich – adolat va qonun ustuvorligi, oltinchi bosqich – mahalla, ya’ni “men” dan “biz” ga o‘tish jarayoni, ijtimoiy birdamlikning asosi. Va nihoyat, yettinchi, yuqori bosqich – tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik, ya’ni bilimli xalq, sog‘lom jamiyat, kuchli iqtisod, ekologik mas’uliyat va adolatli tizimga ega davlatning xalqaro maydondagi munosib o‘rni va obro‘-e’tibori.
Ko‘rinib turibdiki, “inson – jamiyat – davlat – dunyo” tamoyili asosida qurilgan ushbu yetti bosqichli tizim ma’naviy mustaqillik g‘oyasini mantiqan to‘ldiradi. Milliy o‘zlikni anglash shaxs darajasidan boshlanib, oila, mahalla, davlat va, nihoyat, butun dunyo miqyosida namoyon bo‘ladigan yaxlit jarayonga aylanadi.
Farhod OCHILOV,
tarix fanlari doktori,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi.
O‘zA