Davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul boshlandi
Joriy yil 5-iyun sanasidan boshlab mamlakatimizdagi davlat oliy ta’lim muassasalariga 2026–2027 o‘quv yili uchun abituriyentlar qabul jarayonlari rasman boshlandi. Qabul jarayonlari my.uzbmb.uz portali orqali amalga oshiriladi va 25-iyunga qadar davom etadi.
Qabulning ushbu bosqichida abituriyentlar faqat fanlar majmuasini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ya’ni, ular qaysi fanlardan test topshirishini belgilab oladi. Test sinovlari yakunlanib, natijalar to‘liq e’lon qilinganidan so‘ng, abituriyentlar o‘zi to‘plagan ball va reytinglariga muvofiq ravishda oliy ta’lim muassasasi hamda ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu tizim abituriyentlarga tanlovni bosqichma-bosqich amalga oshirish, shuningdek, o‘z imkoniyati va natijalarini aniqroq baholash imkonini beradi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA