Davlat idoralarida ochiqlik qanday ta’minlanmoqda?
Davlatimiz rahbarining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, davlat organlari faoliyatida ochiqlik ta’minlanishi zarur.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi farmon ijrosi bo‘yicha monitoring ishlarini olib bormoqda.
Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan ma’lumotlarni Internet tarmog‘iga joylashtirish (e’lon qilish) bo‘yicha majburiyatlari hisobi yuritilmoqda.
Joriy yil birinchi yarmida 93 davlat organi va tashkiloti, shu jumladan, 14 mahalliy davlat hokimiyati organi, 21 vazirlik, 7 qo‘mita, 11 agentlik, 7 markaziy muassasa, shuningdek, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan 10 aksiyadorlik tijorat banki va 23 aksiyadorlik jamiyati va kompaniyalarning belgilangan ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytlari va Ochiq ma’lumotlar portalida o‘z vaqtida va to‘liq joylashtirilishi tahlil qilindi.
Aniqlanishicha, monitoring o‘tkazilgan davlat organlari va tashkilotlarining faqatgina 33 tasi ochiqlik bo‘yicha belgilangan majburiyatlarning ijrosini 50 foiz va undan yuqori, 60 tasi esa 50 foizdan past ko‘rsatkich bilan ta’minlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni belgilangan resurslarda ochiq e’lon qilish holati bo‘yicha eng qoniqarsiz ko‘rsatkich aksiyadorlik jamiyatlari va kompaniyalar tomonidan qayd etilgan.
Ayniqsa, “Uzbekistan airways”, “O‘zbekko‘mir”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Uzbekistan airports”, “O‘zavtosanoat”, “Yo‘lqurilish” aksiyadorlik jamiyatlari, “O‘zmaxsusmontajqurilish”, “O‘zdonmahsulot”, “Qishloqqurilishinvest” kompaniyalari o‘z faoliyatiga oid 10 turdagi ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni umuman joylashtirmagan.
Shu kabi holatlarni MTRK, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Andijon, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahar hokimligi misolida ham kuzatish mumkin.
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar faqatgina 34 davlat idorasi tomonidan, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari 32, xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar 47, tasdiqlangan yillik xarajatlar smetasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar 34 davlat idorasi tomonidan belgilangan resurslarda ochiq e’lon qilingan.
Ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar davlat organlari va tashkilotlari rasmiy veb-saytining bosh sahifasida alohida bo‘limga joylashtirilishi, ushbu talab bajarilmagan taqdirda, ular e’lon qilinmagan, deb hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.
Biroq, ushbu talab haqida ayrim kompaniya va hokimliklar ogohlantirilgan bo‘lsada, ular rasmiy veb-saytida ochiq ma’lumotlarning joylashtirilishi fuqarolar uchun qulay tarzda tashkil etilmagan.
Shu bilan birga, ayrim davlat organlari va tashkilotlari tomonidan faoliyat ochiqligini ta’minlash borasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, o‘rganish natijalariga ko‘ra, ochiqlikni ta’minlash sohasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 11 davlat organi va tashkilotga taqdimnoma yuborildi. Unda ushbu masala sohaga mas’ul rahbar hamda xodimlar ishtirokida atroflicha muhokama qilinishi hamda qayd qilingan qonun buzilishlarining kelib chiqishiga imkoniyat yaratib bergan va sababchi bo‘lgan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish masalasi qo‘yilgan.
N.Abduraimova, O‘zA