Davlat granti tanlovlari: amaliyot va samara
Andijonda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining davlat granti tanloviga loyihalar taqdim etish masalasiga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan seminarda viloyatda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari muharrirlari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Jamoat fondi mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminarda mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ommaviy axborot vositalariga subsidiya, davlat granti ko‘rinishida moliyaviy ko‘mak berish ko‘lami va hajmi yildan yilga ortib borayotganligi, ularning faolligini oshirish, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan zarur ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-7082]
Keyingi ikki yil davomida viloyatdagi NNT hamda OAVlarining davlat grant tanlovlaridagi ishtiroki, grant loyihalarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarining pastligi tanqid qilindi.
– Ayni kunda Andijon viloyatida 550 dan ortiq NNT, 20 dan ziyod OAV faoliyat yuritmoqda, – deydi O‘zNNTMA Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Farhodbek Otaxonov. – Ming afsuski, ular e’lon qilingan davlat grant tanlovlarida kutilgan darajada ishtirok etmayapti. Ana shundan kelib chiqib mazkur seminarda ularning grant tanlovlarida ishtirok etishdagi faolligini oshirish yuzasidan keng ma’lumotlar berildi. Seminar-treningda OAV, davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi, shuningdek, joriy yil uchun e’lon qilingan davlat granti tanlovlarida ishtirok etish, loyihalar tayyorlash va taqdim etish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan zarur maslahat hamda tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat) O‘zA