Davlat dasturi loyihasi muhokama qilindi
Shu kunlarda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Xalqimiz, turli soha vakillari, ziyolilar va yoshlar loyiha yuzasidan o‘z takliflarini taqdim etmoqda.
Bugun Qarshi davlat universiteti tarix fakulteti talabalari o‘rtasida tashkil etilgan tadbir ham ayni shu masalaga bag‘ishlandi.

Tadbirda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli islohotlarni 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da samarali amalga oshirish, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, “yashil” iqtisodiyot tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ekologik holatni yaxshilash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar davlat dasturi loyihasida alohida ahamiyatga ega ekanligi, dastur loyihasida ilgari surilgan tashabbuslar hayotiyligi bilan ajralib turishi qayd etib o‘tildi.

Ayniqsa, mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etar ekan, Davlat dasturi loyihasida maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish, xalq ta’limi tizimidagi muammolarni yechish va ta’lim sifatini oshirish choralarini ko‘rish, bu oliy ta’lim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish va uni sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqish, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish tizimini mukammallashtirish, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, umuman yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish kabi masalalar keng o‘rin olganligi e’tirof etildi.
Yoshlar 9 fevral kuniga qadar davom etadigan muhokamalarda davlat dasturi loyihasiga o‘zlarining taklif-mulohazalari bilan faol ishtirok etishi lozimligi alohida ta’kidlandi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri