Dastur ijrosi deputatlar va jamoatchilik nazoratida
Jizzax shahar hokimligida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi hamda uy-joy qurilishiga doir vazifalar ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini tashkil etishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi N.Umarov, Oliy Majlis Senatining byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi S.Suyarova, shahar kengashi deputatlari, shahardagi sektorlar rahbarlari, shahar hokimining xotin-qizlar masalasi bo‘yicha maslahatchisi, mutasaddi tashkilotlar xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda, Oliy Majlis Senati a’zosi N.Umarovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va 11 martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etishda mahalliy deputatlarning dolzarb vazifalari to‘g‘risidagi ma’ruzasi tinglandi.
Shuningdek, shahar bo‘yicha “Obod mahalla” dasturini tasdiqlash va ushbu dasturga kiritilgan bir hudud misolida amalga oshiriladigan ishlarni tashkil etish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Jizzax shahar hokimi K.Xolmurodov “Obod mahalla” dasturi bajarilishini nazorat qilishga mahalliy deputatlarni biriktirish va nazoratini tashkil etish to‘g‘risidagi tavsiyalarini berdi.
Yig‘ilishda aholi uchun qurilayotgan uy-joylarga yer maydonlari ajratish, qurilish ishlarini sifatli amalga oshirish va o‘z muddatlarida tugallash, uy-joyga muhtoj fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish, ipoteka krediti, subsidiya oluvchilar o‘rtasida mablag‘larni adolatli taqsimlash ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida tuzilgan “Xalqparvar” komissiyasi faoliyati bilan bog‘liq masalalar ham muhokama etildi. Shahar kengashi deputati B.Zulfiqorov ushbu komissiya raisi etib saylandi.
T.Beknazarov, O‘zA