Darvin Nunyes «Barselona» radariga tushdi
Agar kataloniyaliklar "Atletiko" hujumchisi Xulian Alvaresni transfer qila olmasa, Nunyes asosiy muqobil variantlardan biri bo‘ladi.
"Al-Hilol" va Urugvay terma jamoasi hujumchisi Darvin Nunyes faoliyatini "Barselona"da davom ettirishi mumkin. Bu haqda Mundo Deportivo xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, agar kataloniyaliklar "Atletiko" hujumchisi Xulian Alvaresni transfer qila olmasa, Nunyes asosiy muqobil variantlardan biri bo‘ladi.
Qayd etilishicha, urugvaylik futbolchi va uning vakillari "Barselona"ning hujumchi izlash jarayonini diqqat bilan kuzatmoqda hamda Darvin nisbatan kam mablag‘ evaziga kataloniyaliklar safiga o‘tishi mumkin deb hisoblamoqda.
27 yoshli hujumchi 2025/2026-yilgi mavsumda "Al-Hilol" safida 24 ta uchrashuv o‘tkazib, 9 ta gol va 5 ta assist qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yozda Saudiya klubi Nunyesni "Liverpul"dan 53 million yevro evaziga sotib olgan edi.
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining hozirgi transfer qiymati 20 million yevroni tashkil etadi. Uning "Al-Hilol" bilan shartnomasi 2028-yil yozigacha amal qiladi.