Darsliklar ta’minotida muammo bo‘lmaydi
Buxoro viloyatida 2024-2025 o‘quv yilida umumta’lim maktablari o‘quvchilarini darsliklar bilan ta’minlash maqsadida jami 4 056 015 nusxa darslik va o‘quv-metodik majmualar bazasini shakllantirish belgilangan. Shundan o‘zbek sinflari uchun 3 696 776 dona, rus sinflar uchun 345 209 dona, qozoq sinflar uchun 7 652 dona, brayl yozuvidagi 3 232 dona, maxsus maktab o‘quvchilari uchun 3 146 dona darsliklar ajratilgan.
– Berilgan buyurtma asosida umumta’lim maktablariga 4 056 015 nusxa darsliklar to‘liq taqsimot qilingan, – dedi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i F.Qurbonov. – 2024 yil 26 avgust holatida 1-sinflar uchun jami 1 029 912 nusxa darsliklar ta’lim muassasalariga tarqatildi. Viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarining kutubxona jamg‘armasidagi mavjud darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar sinflar, tillar va fanlar kesimida xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov natijalari bo‘yicha tumanlar va maktablar kesimida qayta taqsimot ishlari amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda 2023-2024 o‘quv yili yakunidagi o‘quvchi soni asosida maktablararo darsliklarni qayta taqsimoti amalga oshirilmoqda. 2024-2025 o‘quv yili boshlangandan so‘ng, o‘quvchilar harakati asosida sentyabr oyida yana qayta taqsimot ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.