Daraxt ekish kelajakka qo‘yilgan poydevordir
“2025 yil – atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” munosabati bilan Jizzax shahrida ekologik barqarorlik va atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov so‘zga chiqib, “Yashil makon” loyihasining ahamiyati hamda atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari haqida fikr bildirdi.

– “Yashil makon” umummilliy harakatini ta’lim va tibbiyot muassasalarida muvaffaqiyatli tashkil etish, yashil hududlarni ko‘paytirish, ekologiyani yaxshilash bilan birga, kelajak avlodda yoshlikdan tabiatga, daraxt ekishga, gul o‘stirishga havas uyg‘otish lozim, – dedi Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov. – Bu kelajakda bugungi ishlarimizning davomiyligini hamda samaradorligini ta’minlaydi. Har bir inson o‘z hovlisi, xonadoni va ish joyida tabiatga mehr bilan yondashishi kerak. Ushbu umummilliy harakatimiz esa kelajak uchun sarmoya demakdir. Har birimiz tabiatga mehr berib, uni asrashni o‘zimizdan boshlaylik. Bir tup daraxt ekish kelajakka qo‘yilgan mustahkam poydevordir.

Tadbirda ekologik barqarorlikni ta’minlash va yashil hududlarni kengaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar, yashillikni asrash va daraxt ekishning ahamiyati, kelajak avlodga toza va sog‘lom muhit qoldirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Seminardan so‘ng Jizzax shahar hokimi boshchiligida barcha ishtirokchilar shahardagi 31-sonli umumta’lim maktabi hamda 6-sonli oilaviy poliklinika hovlisiga daraxt ko‘chatlari ekish ishlarida faol ishtirok etdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari