Daraxt bargidan uch xil mahsulot (+video)
Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti Oyatulloh Abdujabborov tomonidan yangi ixtiro yaratildi. Bu orqali endi barglardan uch xil mahsulot tayyorlanadi.
Oltin kuzda tabiat zar libosda tovlanadi. Yaproqlar esa tabiat bag‘riga qaytadi. Ana shu pallada xazonrezgi muammosi dolzarblik kasb etadi. To‘kilgan barglarni yoqilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida har qancha targ‘ibot ishlari olib borilib, jarimalar qo‘llanilsa-da ushbu muammoga tizimli yechim topilmayapti.
Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti Oyatulloh Abdujabborov tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida daraxt barglaridan uch xil mahsulot olishga erishildi. Agar ushbu masala tizimli hal etiladigan bo‘lsa, kuzgi uyum-uyum xazonlarni yig‘ishtirib olish osonlashadi va barglarni yoqish bilan bog‘liq muammoga biroz yechim topilgan bo‘ladi.
Aytish kerakki, hozirda yig‘ilgan xazonlar kompost o‘ralariga olib borib tashlanadi va keyinchalik o‘g‘it sifatida yerlarning unumdorligini oshirishda foydalaniladi. Ixtironing jamiyatimiz uchun qanchalik foydali ekanligini Oyatulloh Abdujabborovdan bilib oldik.
- Ushbu texnologiya nimaga asoslangan va uning ekologiyaga zarari bormi?
- Kuz faslida shaharu qishloqlarimiz bog‘u-rog‘larini bir vaqtning o‘zida to‘kilgan barglar egallab oladi. Massasi juda oz, hajmi juda katta bo‘lganligi uchun ko‘pchilik eng oson va qulay usulni tanlaydi. Ya’ni, yoqib yuborishadi. Bilamizki, yoqib yuborish ekologiyaga, atmosferaga, inson salomatligiga juda katta ziyon yetkazadi. Shularning oldini olish va tayyor resursdan unumli foydalanish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan bargdan yangi uch xil mahsulot ishlab chiqildi. (davomi videoda)
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov,O‘zA