Daniya razvedkasi: Rossiya qo‘poruvchilik harakatlariga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda (+video)
Daniya Xavfsizlik va razvedka xizmati Rossiya Daniyaga qarshi, ayniqsa mamlakatning mudofaa sanoatiga qaratilgan qo‘poruvchilik harakatlariga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda deb ma’lum qildi. Bu xabarni Fransiya matbuot agentligiga tayanib Euronews tarqatdi.
Daniya Xavfsizlik va razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari ijtimoiy tarmoqlar orqali oddiy daniyaliklarni yollab, ulardan qo‘poruvchilik harakatlarida foydalanishga urinmoqda.
Bu ogohlantirish Germaniyada portlovchi modda o‘rnatilgan dron bilan bog‘liq hodisadan keyin yangradi. Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya elchilarini chaqirib, yangi sanksiyalar masalasini muhokama qildi. YeI tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas mazkur hodisada davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan terrorizm alomatlari borligini aytdi.
Chorshanba kuni Yevropa Ittifoqi davlatlari vazirlari dron bilan bog‘liq bo‘lgan masalaga qanday javob berishni muhokama qildi.
Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urush sababli Rossiyaga qarshi qariyb 20 ta sanksiyalar paketini tasdiqlagan. Ularning ta’siri 3000 dan ortiq amaldorlar, oligarxlar va tashkilotlarga, jumladan banklar, energetika kompaniyalari hamda dron ishlab chiqaruvchilarga tegishli.
So‘nggi oylarda Rossiya Yevropa davlatlarida Ukraina tarafdorlariga qarshi diversiya hujumlarini kuchaytirganlikda ayblanmoqda.
Daniya xavfsizlik idoralari 2024-yildayoq Ukrainaga katta yordam berayotgan Daniyaga nisbatan Rossiya tahdidi kuchayganini ma’lum qilgan edi. Daniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri Kopengagen Ukrainaga kamida 10 milliard yevro harbiy yordam va taxminan 1 milliard yevro fuqarolik yordami ko‘rsatgan. Shuningdek, shu yil iyun oyida Daniya Ukrainaga 30-harbiy yordam paketini e’lon qildi. Uning qiymati deyarli 600 million yevroni tashkil etadi. Paketga o‘q-dorilar, qurol-yarog‘, harbiy texnika va ukrainalik harbiylarni tayyorlash kiritilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-_n5YeSqg1g" title="Daniya razvedkasi: Rossiya qo‘poruvchilik harakatlariga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA