Dala ishlari nazoratda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida paxtachilik sohasida yuqori natijalarga erishish, g‘o‘za parvarishini agrotexnik talablar asosida tashkil etish maqsadida dala ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududlarda kultivatsiya, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, sug‘orish, shuningdek, zararkunanda va begona o‘tlarga qarshi kurash tadbirlari tizimli amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov Norin tumanida bo‘lib, soha mutasaddilari, oqsoqol-maslahatchilar hamda mas’ullar bilan birgalikda g‘o‘za maydonlaridagi agrotexnik tadbirlar holatini o‘rgandi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil hosili uchun tumanda 4 ming 322 gektar maydonda g‘alla, 4 ming 701 gektarda g‘o‘za parvarish qilinmoqda. Ayni pallada har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Ishchi guruhi dastlab “Paxtakor” MMTP hududidagi “Vodiy baraka” klaster fermer xo‘jaligida bo‘lib, g‘o‘zaning rivojlanish jarayoni, qator oralariga ishlov berish va oziqlantirish ishlari bilan tanishdi.
Mazkur xo‘jalikning 250 gektar maydonida “Shinjon” texnologiyasi asosida qo‘shqator ekish usuli joriy etilgan bo‘lib, plyonka ostida tomchilatib sug‘orish tizimi qo‘llanilmoqda. Shuningdek, 250 gektarda g‘o‘za ochiq usulda parvarish qilinmoqda.
Shuningdek, ishchi guruh “Norinlik Asror” fermer xo‘jaligida qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar va zamonaviy agrotexnologiyalar samaradorligi bilan tanishdi. Ikki daryo oralig‘idagi orol hududida rivojlanishdan orqada qolayotgan g‘o‘za nihollariga ishlov berish jarayoni ham ko‘zdan kechirildi.
Navbatdagi manzil — “Norinkapa” MMTP hududidagi fermer xo‘jaliklari bo‘ldi. Bu yerda g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlar hamda o‘rim-yig‘imga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, “Alisher hoji Zamini” va “Dilmurod o‘g‘illari Javlon Mavlon” fermer xo‘jaliklari maydonlarida bug‘doy pishib yetilish bosqichiga kirgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, hosildorlik gektariga o‘rtacha 70-80 sentnerni tashkil etishi kutilmoqda.
[gallery-29741]
“Oq oltin” MMTP hududidagi “Akbarali o‘g‘li Abdufatto” fermer xo‘jaligida ham g‘o‘za va g‘alla parvarishi ishlari agrotexnik talablar asosida tashkil etilgan.
Mutaxassislar begona o‘tlarga qarshi kimyoviy ishlovdan keyin g‘o‘za nihollarini parvarishlash, o‘z vaqtida sug‘orish va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Viloyat rahbari g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumini belgilangan muddatlarda, yo‘qotishlarsiz va uyushqoqlik bilan o‘tkazish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA