CyberWeek 2.0 Qarshi shahrida bo‘lib o‘tdi: UZCARD, IIV va Markaziy bank kiberxavfsizlik bo‘yicha hududiy tashabbusni davom ettirmoqda
2026-yil 21–22-may kunlari Qarshi shahrida CyberWeek 2.0 hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mazkur loyiha UZCARD, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda O‘zbekiston Respublikasi Mahallalar uyushmasining aholining raqamli savodxonligini rivojlantirish, zamonaviy kibertahdidlar haqida xabardorligini oshirish hamda aholida va moliya sektori vakillarida raqamli moliyaviy servislaridan xavfsiz foydalanish madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbusidir.Raqamli servislarning faol rivojlanishi va kiberjinoyatlar sonining ortib borishi sharoitida firibgarlikning oldini olish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish hamda foydalanuvchilarning kibermadaniyat darajasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

CyberWeek 2.0 2025-yilda Buxoro, Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida o‘tkazilgan sohaga oid tadbirlar turkumining davomi bo‘ldi. Loyiha moliya sektori vakillari, davlat organlari, axborot xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar hamda hududiy hamjamiyatlarni kiberxavfsizlik va raqamli servislar foydalanuvchilarini himoya qilish sohasidagi dolzarb muammolarni muhokama qilish uchun birlashtiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi olti yil ichida kiberjinoyatlar bilan bog‘liq murojaatlar soni 48 baravarga oshgan. Faqat o‘tgan yilning o‘zida firibgarlik holatlarining 82 foizi va o‘g‘rilik holatlarining 76 foizi kibermakonda sodir etilgan, umumiy moddiy zarar esa 2 trln so‘mdan oshgan.

Eng ko‘p uchraydigan sxemalar qatoriga fishing havolalar, onlayn savdodagi firibgarlik, soxta investitsiya loyihalari hamda ijtimoiy muhandislik usullari kiradi. Bunday sharoitda aholining raqamli savodxonligini oshirish davlat, moliya sektori va sohaga ixtisoslashgan tashkilotlar uchun asosiy vazifalardan biriga aylanmoqda.
Qarshi shahridagi tadbir dasturi ikki kunga mo‘ljallangan bo‘lib, ekspert uchrashuvlari, ta’lim sessiyalari va amaliy muhokamalarni o‘z ichiga oldi.

Birinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki binosida mintaqa bank sektori xodimlari uchun matbuot anjumani va ixtisoslashtirilgan seminar bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar naqdsiz to‘lovlar xavfsizligi, raqamli firibgarlikka qarshi kurashish, antifraud yondashuvlarni rivojlantirish hamda moliyaviy infratuzilmaning zamonaviy kibertahdidlarga nisbatan barqarorligini oshirishga oid dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
Tadbirning ikkinchi kuni mintaqa mahalla tizimi vakillari uchun seminar Mustaqillik shoh ko‘chasi, 35-uy, “O‘zbekneftgaz” binosida bo‘lib o‘tdi. Asosiy e’tibor aholining raqamli savodxonligi, firibgarlikning oldini olish, ijtimoiy muhandislik usullari hamda fuqarolarning moliyaviy servislardan xavfsiz foydalanish borasidagi xabardorligini oshirish masalalariga qaratildi.

UZCARD tomonidan tadbirda quyidagilar ishtirok etdi:
— axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha direktor Andrey Shishkin;
— axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari Botirjon Shokamolov;
— PR & CSR bo‘limi boshlig‘i Sabina Batirshina;
— jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Davron Xayrullayev.
Shuningdek, CyberWeek 2.0 ishtirokchilari va hamkorlari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda mahalla tizimi vakillari qatnashdi.
Bugungi kunda raqamli moliyaviy servislarning rivojlanishi ishonch, xavfsizlik va foydalanuvchilar savodxonligi masalalari bilan bevosita bog‘liq. Raqamli tahdidlar jadal ortib borayotgan sharoitda CyberWeek 2.0 davlat organlari, moliya sektori va jamiyat o‘rtasida ochiq professional muloqot uchun muhim maydonga aylanmoqda.
Mazkur tashabbus barqaror raqamli muhitni shakllantirish, aholining zamonaviy firibgarlik sxemalari haqidagi xabardorligini oshirish hamda O‘zbekiston hududlarida raqamli servislardan xavfsiz foydalanish madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.
UZCARD. Qulay yashang.
Reklama huquqi asosida