Chustda bolalar yoddan zaharlangani rostmi?
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova ishtirokida Namangan viloyatining Chust tumanida yuz bergan bolalar sog‘lig‘i bilan bog‘liq noxush holat yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Vazir o‘rinbosari qayd etganidek, joriy yilning 21 sentyabr kuni soat 16:00 dan boshlab, Chust tumani tibbiyot birlashmasi qabulxona bo‘limiga tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablaridan 71 nafar bola tana haroratining ko‘tarilishi, ayrimlarida qorin og‘rig‘i, ich surilishi va qusish shikoyatlari bilan keladi va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bunday noxush holatlarning aksariyati tumandagi 23-son maktabgacha ta’lim tashkiloti (35 nafar bola) hisobiga to‘g‘ri keldi.

Ta’kidlash joizki, vaziyatdan qattiq tashvishlangan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu noxush holatdan jabrlangan bolalarning tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi. Davlatimiz rahbari Namangan viloyati hokimi va mas’ullarga masalani alohida nazoratga olish, sabablarini aniqlash va tegishli takliflar kiritish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tuman hokimligi tomonidan zudlik bilan Ishchi guruh tuzilib, surishtiruv va tekshiruv ishlariga kirishildi. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar, xususan, tez tibbiy yordam natijasida hozirga qadar 20 nafar bolaning holati yaxshi bo‘lganligi sabab, uyiga ruxsat berildi. Qolgan bolalar holati mo‘’tadil, ular shifokorlar nazoratiga olingan. bolalarning hech birida reanimatsion, ya’ni og‘ir holat yo‘q.

E’tiborlisi shundaki, vaziyatga oydinlik kiritish, kelib chiqayotgan turli savollarga javob berish uchun nafaqat Namangan viloyati, balki Sog‘liqni saqlash vazirligi, respublikamizning nufuzli ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridan malakali mutaxassislar va professorlardan iborat Respublika ishchi guruhi ishlamoqda.
Ma’lumot o‘rnida: 20 sentyabrdan respublika bo‘yicha 6,5 million nafar bog‘cha tarbiyalanuvchi va maktab o‘quvchilariga 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida yod tanqisligining oldini olish va aqliy rivojlanishini yaxshilash maqsadida yod va anstrumin (yodamarin) dorisi berilgan.
Matbuot anjumanida Elmira Bositxonova bolalarda kuzatilgan noxush holat dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, dori vositalari yoki ovqatdan zaharlanish emasligi, bu har yili kuz fasli boshlanishida qayd etiladigan o‘tkir respirator infeksiyasi alomatlari ekanligini alohida ta’kidlab, hozir 20 ga yaqin analiz xulosalari olingani va chuqurlashtirilgan tahlillardan so‘ng vaziyatga aniqlik kiritishini bildirdi.
– Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli xabarlarga ishonavermaslik, bunday jarayonda faqatgina mutaxassislarning fikriga tayanib axborot tarqatilishi kerak, – dedi vazir o‘rinbosari, Respublika ishchi guruhi rahbari Elmira Bositxonova. – Ayni paytda salomatligidan shikoyat qilib kelayotgan yosh bolalarning 85 foizi sog‘ligi joyida, uylariga qaytishga birin-ketin ruxsat berilmoqda. Qolganlari kunning boshida ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning ham ahvoli yaxshilanib bormoqda.

Darvoqe, o‘nlab bolalarning salomatligi yomonlashishiga sabab qilib ko‘rsatilayotgan, yurtimizdagi barcha bog‘cha va maktablarga tarqatilgan yod preparati – "Kaliy yodid 1 mg (0,001) tabletka N100 (Antistrumin)" dori vositasi iste’molini Sog‘liqni saqlash vazirligining ko‘rsatmasiga asosan laboratoriya xulosalari chiqqunga qadar vaqtincha to‘xtatib turish haqida topshiriq berildi.
Ochiq muloqotda ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar bolalarning salomatligi bilan bog‘liq noxush holat yuzasidan bergan barcha savollariga atroflicha javob qaytarildi.
Eng oxirgi olingan ma’lumotlarga qaraganda, Namangan viloyatida tibbiyot muassasalariga bolalar salomatligi bilan bog‘liq 450 ta shikoyat kelib tushdi. Olib borilgan ko‘riklar natijasida 143 nafar bolaning salomatligi barqaror ekanligi ko‘rsatilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA