Chortoqning qadoqlangan maʼdanli suvi
Namangan viloyati Chortoq tumanidagi “Chortoq mineral water” masʼuliyati cheklangan jamiyati yiliga 21 million dona qadoqlangan maʼdanli suv tayyorlash quvvatiga ega
Namangan viloyati Chortoq tumanidagi “Chortoq mineral water” masʼuliyati cheklangan jamiyati yiliga 21 million dona qadoqlangan maʼdanli suv tayyorlash quvvatiga ega.
Chortoqning shifobaxsh suviga boʻlgan ehtiyoj ortishidan kelib chiqib, 2016 yilda tashkil etilgan korxonada Janubiy Koreyaning JK Enjgineering kompaniyasida ishlab chiqarilgan mineral suvni tozalash, quyish va ishlab chiqarish uskunalari oʻrnatilgan.
Davlatimiz rahbari joriy yil 28 fevral kuni Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu MCHJ quvvatini kengaytirish loyihasi bilan tanishib, qadoqlangan suvni yiliga 20-30 million donagacha oshirish, bogʻchalar, yozgi oromgohlar, shifoxonalar, ijtimoiy dorixonalarga, supermarketlarga yetkazib berish zarurligini taʼkidladi.
100 kishi mehnat qilayotgan korxonada quduqdan olingan suv avval faollashtirilgan koʻmir filtri, soʻng 3 bosqichli mayin filtrlash va 2 bosqichli ultrabinafsha nurli filtrlaridan oʻtkazilib, uglerod oksidi bilan gazlanadi va shisha idishlarga qadoqlanadi. Mutaxassislarning fikricha, bunday qadoqdagi mahsulot uch yilgacha shifobaxshlik xususiyatini yoʻqotmaydi.
Mineral suv oʻzining boy tarkibi bilan birinchi navbatda, ovqat hazm qilish organlarining shira ajratish, motorika (harakatlanish) va soʻrilish funksiyasiga taʼsir etib, ijobiy siljishlarni vujudga keltiradi. Shu bilan birga, u ionlar tarkibiga, mikroblar (mikroflora) xiliga, ovqat hazm qilish yoʻlidagi bioximik jarayonlar kechishiga, uglevodlar, suv-tuz almashuviga taʼsir etish xususiyatiga ega.








