Chipta olish tashvishi kamayadi: imtiyozli toifalar uchun yangi transport tartibi (+video)
Urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash nafaqat ijtimoiy himoya, balki tarix oldidagi qarzni ado etishning bir ko‘rinishi sifatida qaraladi. Qonunchilikda ular uchun pensiyaga ustamalar, kommunal to‘lovlar bo‘yicha kompensatsiyalar, mehnat sohasidagi qo‘shimcha kafolatlar kabi bir qator imtiyozlar belgilangan.
Joriy yil 1-oktabrdan urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan fuqarolarga samolyot, poyezd va shaharlararo avtobuslarda bepul yoki 50 foiz chegirma asosida yo‘l chiptalari beriladi.
Hukumatning joriy yildagi “1941-1945-yillardagi urushda nogiron bo‘lgan shaxslar va urush qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar, Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslarga transportdan imtiyozli foydalanish tartibini belgilash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, imtiyozli chiptalar “Uzbekistan Airways” va boshqa rezident aviakompaniyalar, “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning vakolatli bo‘linmalari hamda avtovokzal va avtostansiyalar tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi ma’lumotlar asosida rasmiylashtiriladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Ehtiyojmand aholiga ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtirish boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Davron Pozilov mazkur hujjat asosida taqdim etilayotgan boshqa imtiyozlar to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi.
Batafsil quyidagi videohavolada.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/oRPLVFYZKnU?si=rKE0_62esxEUq738" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA