Chimboylik yoshlar bilan uchrashuv
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Chimboy tumanidagi bir qator ishsiz va otaliqqa olingan yoshlar bilan uchrashdi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va bugungi kunda muntazam amalga oshirilayotgan “Har payshanba - Yoshlar kuni”tashabbusi yurtimizda yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi, samarali va manzilli tizimini shakllantirmoqda. Bu tashabbus yoshlarning nafaqat muammolarini tinglash, balki ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Uchrashuvda bu borada yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, turli yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar safi tobora kengayib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida yoshlar faollik ko‘rsatib, o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar, amalda uchrayotgan muammolar yuzasidan taklif va tashabbuslarni bildirishdi. Xususan, ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, imtiyozli kreditlardan foydalanish, kasb-hunar o‘rganish va ta’lim sohasiga oid masalalar ilgari surildi. Eng muhimi, yoshlar tomonidan bildirilgan har bir masala Jo‘qorg‘i Kenges raisining shaxsiy nazoratiga olinib, soha mutasaddilariga ularni qisqa muddatlarda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Uchrashuv yakunida sportning para suzish turi bo‘yicha Jahon chempioni Shahnoza Yerejepbayeva munosib rag‘batlantirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.