Chim ustida xokkeychi yoshlar O‘zbekiston kubogi uchun bahs olib bormoqda
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” o‘yin maydonida hamda Andijon shahridagi “Xalqlar do‘stligi” o‘yingohida chim ustida xokkey bo‘yicha U16 yosh toifasida o‘g‘il va qiz bolalar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston kubogi bahslari qizg‘in pallaga kirib bormoqda.
Bugun, 7-avgust kuni Toshkent va Andijonda davom etayotgan musobaqalarning yarim final o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
“Olimpiya shaharchasi”dagi qizlar jamoalari o‘rtasidagi musobaqalarda bugun Toshkent viloyati-2 – Namangan, Farg‘ona – Samarqand, Sirdaryo – Buxoro viloyati Xorazm – Toshkent viloyati-1 jamoalari ro‘baro‘ keladi.
[gallery-30760]
Andijonda o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda esa Andijon-1 – Xorazm, Andijon-2 – Namangan-2, Toshkent viloyati – Navoiy, Farg‘ona-2 – Namangan-1 jamoalari kuch sinashadi.
Kecha Andijondagi “Xalqlar do‘stligi” maydonidagi o‘yinlarda quyidagi natijalar qayd etildi:
Xorazm – Toshkent: 4-2, Andijon-2 – Navoiy: 5-0, Namangan-1 – Namangan-2: 0-4, Farg‘ona -1 – Xorazm: 2-7, Namangan-2 – Toshkent viloyati: 4-2, Andijon-1 – Farg‘ona: 2-5.
Yoshlar o‘rtasida chim ustida xokkey bo‘yicha iqtidorli sportchilarni saralash hamda ularning mahoratini oshirishga, terma jamoalarga munosib zaxira tayyorlashga qaratilgan mamlakat kubogi o‘yinlari 8-avgustga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA