Chexiya elchisi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Chexiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Vatslav Yilekni qabul qildi.
Vazir ishonch yorliqlari nusxasini qabul qilarkan, elchini yuqori va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va unga muvaffaqiyatli faoliyat tiladi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston-Chexiya hamkorligini hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Bo‘lajak turli darajadagi ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvning navbatdagi davrasini o‘tkazish bilan bog‘liq amaliy masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish, respublikamiz iqtisodiyotini yuksaltirishga qaratilgan turli loyihalarni amalga oshirish, xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Chexiya investitsiya va texnologiyalarini jalb qilishdan har ikki tomon manfaatdor ekani tasdiqlandi.
Muzokara davomida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi
O‘zA