Chet tillarni o‘rganish takomillashmoqda
Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyda Alisher Navoiy tavalludining 575-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda uchinchi bosqich o‘quvchisi Sehriyo Vorisova buyuk mutafakkirning ruboiylarini ingliz tilida yoddan aytib, yig‘ilganlarni hayratga soldi.
Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyda Alisher Navoiy tavalludining 575-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda uchinchi bosqich o‘quvchisi Sehriyo Vorisova buyuk mutafakkirning ruboiylarini ingliz tilida yoddan aytib, yig‘ilganlarni hayratga soldi.Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimini tubdan isloh qilish jarayonida navqiron avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta o‘zlashtirishi, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarida iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyda xorijiy tillar zamonaviy ta’lim standartlariga mos ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida o‘qitilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Aniq fanlar, ijtimoiy-gumanitar, tabiiy fanlar hamda xorijiy filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha 820 dan ziyod o‘quvchi tahsil olayotgan litseyda ingliz va fransuz tillari chuqur o‘rgatiladi.
– O‘quvchilarga xorijiy tillarni o‘rgatishda yangi pedagogik texnologiyalardan keng foydalanilmoqda, – deydi akademik litsey direktori Farhodjon Abdulazizov. – Sinf xonalari mukammal ta’mirdan chiqarildi va zamonaviy o‘quv jihozlari bilan to‘liq ta’minlandi. Turli to‘garaklar faoliyati, darsdan tashqari muntazam qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tish yo‘lga qo‘yilgan. Axborot-resurs markazida chet tillarni o‘rganish bo‘yicha elektron adabiyotlar katalogi shakllantirilgan. Barcha komputerlar internet tarmog‘iga ulangani yoshlarning tillarni puxta o‘rganishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Litseyda darslar muloqot tarzida, ko‘proq mashq-o‘yin usulida olib borilayotgani, xorijiy tillarda namoyish etiladigan teleko‘rsatuvlardan foydalanish ham yaxshi samara berayotir.
Litsey pedagogik jamoasi ingliz tili fani bo‘yicha “Darslarda qo‘llash uchun interaktiv o‘yinlar”, “Mo‘jizakor qo‘shimchalar”, “Modal fe’llar”, “Grammatika dunyosi” kabi o‘quv qo‘llanmalarini yaratgan.
Xorijiy tillarni o‘rganish bugungi kunning muhim talabi. Bu borada yoshlarimiz uchun yaratilayotgan sharoitlar ularning hech kimdan kam bo‘lmagan yuksak salohiyatli avlod bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda. Sehriyo kabi o‘g‘il-qizlarimizning mumtoz adabiyotimiz vakillari ijodini xorijiy tillarda biyron-biyron aytishi ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir.