Chet eldan ishchi kuchini jalb qilish ish beruvchiga qanchaga tushadi?
“O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, ish beruvchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini ruxsatnoma olmay jalb qilish, shuningdek, chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududida tasdiqnoma olmasdan mehnat faoliyatini amalga oshirishi taqiqlanadi.
Ushbu ruxsatnoma va tasdiqnomani olish uchun murojaat qilinganda ish beruvchidan quyidagi yig‘imlar undiriladi:
O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish huquqini beradigan ruxsatnoma olish uchun ariza berilganda BHMning bir baravari miqdorida (245 000 so‘m);
ruxsatnoma berish to‘g‘risida xabar kelgandan keyin 5 ish kuni ichida ruxsatnoma berganlik uchun BHMning 50 baravari miqdorida (12.250.000);
chet el fuqarosiga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnoma olish uchun ariza berilganda BHMning bir baravari miqdorida (245.000 so‘m).
Ish beruvchi tasdiqnoma berish to‘g‘risida xabar kelgandan keyin 5 ish kuni ichida tasdiqnoma berish uchun quyidagi miqdorlarda yig‘im to‘laydi:
yuqori malakali mutaxassislar, shuningdek, Prezident maktablari va oliy o‘quv yurtlarida ishlash uchun jalb etilayotgan o‘qituvchilar va mutaxassislar uchun — BHMning bir baravari miqdorida (245.000 so‘m);
malakali mutaxassislar uchun — BHMning ikki baravari miqdorida (490.000 so‘m);
vatandoshlar (O‘zbekistonda tug‘ilib, xorijga chiqib ketgan va xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan) uchun — BHMning 2 baravari miqdorida (490.000 so‘m);
boshqa chet el fuqarolari uchun — BHMning 30 baravari miqdorida (7.350.000 so‘m).
Mabodo, ruxsatnoma yoki tasdiqnomani yo‘qolib qolsa yoxud yaroqsiz holatga kelib qolsa, dublikatini olish uchun yig‘im miqdori BHMning 50 foizini tashkil etadi (122.500 so‘m).
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda hisoblaydigan bo‘lsak, o‘rtacha 15 mln sumga yaqin yig‘im to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Savolga “Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti mutaxassislari javob berdi.