Chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifakatini berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, mamlakatimizda Tillarni o‘qitish, o‘rganish va baholash bo‘yicha umumevropa mezonlari (CEFR) talablariga muvofiq chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish tizimi joriy etiladi.
Qaror bilan Chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
o‘zbek tilidan malaka imtihoni uchun talabgorlarni ro‘yxatga olish tartibi;
o‘zbek tilidan malaka imtixonini tashkil etish, imtihon topshiriqlarini shakllantirish va natijalarini baholash tartibi;
malaka sertifikatini berish va sertifikatlar reyestrini yuritish tartibi belgilab berilgan.
Qarorga muvofiq:
a) 2026 yil 1 martdan boshlab CEFR mezonlariga muvofiq chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilishning Al, A2 va V1 darajalari bo‘yicha, 2027 yil 1 martdan boshlab esa V2, S1 va S2 darajalari bo‘yicha malaka sertifikatini berish uchun imtihonlar joriy etiladi;
b) o‘zbek tilini bilish darajasi to‘g‘risida kamida V1 darajadagi malaka sertifikatiga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 2026 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonidan ozod etiladi;
v) chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha malaka imtihonini tashkil etish va sertifikatlash Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining “Ilmiy-o‘quv amaliy markazi” davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qaror bilan Ilmiy markazga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:
malaka sertifikatini berish imtihonini 4 ta ko‘nikma (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) asosida onlayn shaklda tashkil etish;
malaka sertifikatini berish imtihoni uchun talabgorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, to‘lovlarni qabul qilish, imtihonni o‘tkazish, natijalarni e’lon qilish, apellyatsiya murojaatlarini qabul qilish hamda elektron sertifikat berishni nazarda tutuvchi “O‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash imtihoni” (“Uzbek language proficiency test”) elektron platformasini ishga tushirish;
malaka sertifikati berish uchun o‘tkaziladigan imtihon materiallarini (test topshiriqlarini) ishlab chiqish;
chet tili va umumta’lim fanlaridan respublikada tan olingan xalqaro va milliy sertifikatlarni “yagona nuqta” tamoyili bo‘yicha shartnoma asosida verifikatsiya qilish hamda elektron ma’lumot taqdim etishning raqamlashgan tizimini yaratish;
malaka imtihonlarini tashkil etish, o‘tkazish, ularning natijalarini tahlil etish va e’lon qilish;
xorijiy imtihon oluvchi tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlarini hamkorlikda tashkil etish, shuningdek, imtihon uchun to‘lovlarni qabul qilish yoki o‘tkazish;
talabgorlarga imtihon natijalari tahlili asosida tegishli fanni o‘rganishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar bo‘yicha tavsiyalar berish xizmatini yo‘lga qo‘yish.
Ushbu Nizom Tillarni o‘qitish, o‘rganish va baholash bo‘yicha umumevropa mezonlari (CEFR) talablariga muvofiq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi.
O‘zA