Chempionlar taqdirlandi
Samarqandda xalqaro sport musobaqalari, jahon va Osiyo birinchiliklarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, viloyat sharafini munosib himoya qilgan sportchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimi A.Boboyev samarqandlik sportchilarning mamlakatimiz va xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan musobaqalardagi faol ishtirokini e’tirof etib, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan vakillarimiz yuqori natijalarga erishayotganini ta’kidladi.
Xususan, o‘tgan yil Ozarbayjonda o‘tkazilgan III MDH davlatlari xalqaro sport o‘yinlarida samarqandlik sportchilar bitta oltin, bitta kumush va beshta bronza medallari bilan taqdirlangan bo‘lsa, Bahrayn mezbonligidagi III yoshlar Osiyo o‘yinlarida vakillarimiz ikkita oltin, ikkita kumush va uchta bronza medallariga sazovor bo‘lib, mamlakatimiz medallar jamlanmasiga salmoqli hissa qo‘shdi. Shuningdek, Saudiya Arabistonida tashkil etilgan VI Islom birdamligi o‘yinlarida olti nafar hamda Birlashgan Arab Amirliklaridagi V para Osiyo o‘yinlarida 7 nafar samarqandlik mahoratli atletlarimiz g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi.
[gallery-30080]
Sportchilarimiz dzyudo, boks, badiiy gimnastika, yengil atletika, shaxmat, velosport va parasport turlari bo‘yicha jahon hamda Osiyo chempionatlarida shohsupaga ko‘tarildi.
Viloyat hokimi ushbu nufuzli turnirlarda muvaffaqiyatli qatnashganlar hamda 2028-yil Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan 100 nafarga yaqin sportchilarni mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moddiy rag‘batlantirib, ularga pul mukofotlarini topshirdi.
Tadbirda viloyat sporti mutasaddilari, federatsiyalar rahbarlari va murabbiylar, sportchilar so‘zga chiqib, joriy yilgi va kelgusi yillarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik jarayonlari, bu borada e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari