Chempionlar bo‘kalik o‘quvchilar bilan uchrashdi
Uchrashuvda “Rio-2016” Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Fazliddin G‘oyibnazarov, “Pekin-2008” olimpiadasining kumush medali sovrindori Abdulla Tangriyev va shaxmat bo‘yicha xalqaro sport ustasi Saidakbar Saydaliyev ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020 yil 30 oktyabr kuni mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga biriktirilgan Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 11- hamda 20-sonli umumta’lim maktablarida Olimpiada, Jahon va Osiyo chempionatlarida sovrindor bo‘lgan sportchilar bilan maktab o‘quvchilari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda “Rio-2016” Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Fazliddin G‘oyibnazarov, “Pekin-2008” olimpiadasining kumush medali sovrindori Abdulla Tangriyev va shaxmat bo‘yicha xalqaro sport ustasi Saidakbar Saydaliyev ishtirok etdi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va Xalq ta’limi muassasalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni o‘rnatish maqsadida oliy o‘quv yurtining “Sport menejmenti va iqtisodiyot”, “Suv sporti, eshkak eshish turlari nazariyasi va uslubiyati” kafedralari tumandagi 11-umumta’lim maktabi bilan hamda “Boks, taekvondo, qilichbozlik nazariyasi va uslubiyati”, “Xalqaro kurash turlari nazariyasi va uslubiyati” kafedralari 20-umumta’lim maktablari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi. Kelgusida amalga oshiriladigan ish rejalari kelishib olindi.
Endilikda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining professor-o‘qituvchilari o‘zlari mas’ul bo‘lgan ushbu maktablardagi o‘quvchilarni bilim salohiyatini yanada oshirish, ularni kasbga yo‘naltirish maqsadida mashg‘ulotlar olib boradi. O‘g‘il-qizlarga o‘zlari qiziqqan sport turlarini va boshqa fanlarni mukammal o‘zlashtirishlarida amaliy yordam beradi. Shuningdek, o‘qituvchilar mahoratini oshirishda uslubiy ko‘mak ko‘rsatadi.
Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari va sportchilar maktablarga tashrifi chog‘ida ushbu maktablar rahbariyati, o‘qituvchilari bilan uchrashdi. Har ikkala ta’lim muassasasida olib borilayotgan dars jarayonlari, tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Samimiy kechgan muloqotlar chog‘ida maktablardagi mavjud muammolar, kamchiliklarni imkon qadar qisqa fursatlarda bartaraf etib, ta’lim muassasalari reytingini oshirishga yo‘naltirilgan rejalar tuzildi. Mazkur jarayonlarda nafaqat maktab jamoasi, shuningdek, o‘quvchilarning ota-onalari hamkorligini ham muvofiqlashtirish bo‘yicha fikrlashib olindi.
Uchrashuv so‘nggida universitet ma’muriyati maktab o‘quvchilariga sovg‘alar hadya etdi.
[gallery-1044]
Muhammad AMIN(surat), O‘zA