Chempionat yakunlandi
Poytaxtimizda karate bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda mamlakatimiz Karate milliy federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada 700 nafarga yaqin sportchi kuch sinashdi.
Karate – inson ruhi va irodasini toblaydi, jismonan sog‘lom qilish barobarida, uning xarakterini tarbiyalaydi. Ushbu jihatlarni turnirda qatnashgan ko‘plab yosh umidli sportchilar misolida ham ko‘rish mumkin bo‘ldi.
Andijon bank kolleji o‘quvchisi Abdulaziz Otaboyev ana shunday yoshlardan. U 12-yildan buyon mazkur sport turi bilan shug‘ullanadi.
– Oilamizda sportga mehr juda baland, – deydi Abdulaziz. – Karate sport turini tanlashimda akamning hissasi katta. U bir qator xalqaro turnirlarda g‘olib bo‘lgan. Mening ham maqsadim jahon va Osiyo chempionatlarida g‘oliblar safidan joy olish.
Musobaqada A.Otaboyev o‘z vazn toifasida tengsiz ekanini isbotladi. 68 kilogrammgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahslarida barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga ega bo‘ldi.
Chempionatning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi kata bahslarida toshkentlik Yu.Badalov, D.Latipov, S.Xushbekov, I.Nuriddinov, A.Xo‘jayev, M.Foziljonov, andijonlik X.Ahmedov, M.Qoraboyev, X.Ko‘paysinov, samarqandlik S.Omonov, M.Temirov, sirdaryolik D.Rahmatov g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi.
Qizlar o‘rtasida toshkentlik H.Badalova, S.Ozodxonova, Z.Majidova, D.Turopova, Z.Baxtiyorova, S.Jo‘rayeva, surxondaryolik M.Olimova, D.Ergasheva, M.Ergasheva, X.Oltinboyeva, L.Hasanova, samarqandlik B.Muhammadiyeva, D.To‘raqulova, andijonlik O.Sotqinboyeva sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning jamoaviy kata bahslarida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Toshkent shahri jamoasi birinchi, Andijon va Samarqand viloyatlari jamoalari keyingi o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Toshkent shahri, Andijon va Surxondaryo viloyatlari sportchilari kuchli uchlikni band etdi.
Chempionatning kumite bahslarida toshkentlik Yu.Badalov, G‘.Zohidov, farg‘onalik I.Uzoqov, D.Otabolayev, namanganlik A.Nizomboyev, S.Fayzullayev, B.Rahmonov, qoraqalpog‘istonlik S.Qalandarov, J.Ametov, qizlardan surxondaryolik B.Mirzayeva, namanganlik B.Boboyeva, M.Abdullayeva, M.Ahmadjonova, N.Ubaydullayeva kabi sportchilar shohsupaga ko‘tarildi.